Hurmatli Fatvo hay’ati ulamolari! Ma’lumki, bizni yurtdan haj ibodatiga borgan ziyoratchilar tamattu’ hajini qiladilar va tamattu’ qilganlari uchun jonliq so‘yadilar. Mana shu jonliqni so‘ygan hojilar qurbonlik kunlarida alohida qurbonlik ham qilishlari kerakmi yoki shu so‘ygan bir jonliqlari kifoyami?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Avvalo shuni bilib olish kerakki, hojilarning qurbon hayiti kunlari Minoda so‘ydiradigan qurbonliklari “Hayit qurbonligi” emas, balki ikki ulug‘ ibodat – umra va haj ibodatlarini jamlaganliklari uchun vojib bo‘lgan “Shukrona qoni” qurbonligidir. Shuning uchun u hayit qurbonligidan sanalmaydi.
Endi savolga bevosita javob beradigan bo‘lsak, haj qiluvchi erkak yoki ayol qurbonlik so‘yiladigan kunlarning oxirigacha muqim bo‘ladigan bo‘lsa hamda boy bo‘lsa (ya’ni, uning hojati asliyasidan tashqari zakot nisobi miqdoricha yoki undan ortiq mablag‘i bo‘lsa) unga tamattu’ jonlig‘idan tashqari qurbonlik ham so‘yishi vojib bo‘ladi. Ammo mazkur muqimlik va boylik shartlaridan har ikkisi yoki biri haj qiluvchida topilmasa unga qurbonlik so‘yish vojib bo‘lmaydi. Bu haqida “G‘unyatun-nosik” kitobida shunday deyilgan:
"وأما الأضحية فاذا كان مسافرا فلا يجب عليه واِلاَّ فكالمكي فتجب كما مرّ في "البحر" و "رد المختار" و مثله في "الخانية".
Ya’ni: “Haj qiluvchi musofir bo‘lsa, unga qurbonlik vojib bo‘lmaydi. Ammo, muqim bo‘lsa, xuddi Makka ahliga vojib bo‘lgani kabi haj qiluvchiga ham qurbonlik so‘yish vojib bo‘ladi. Mazkur hukm “Bahrur-roiq”, “Raddul-muxtor” va “Xoniya” kitoblarida zikr qilingan” (“G‘unyatun-Nosik” kitobi 276-bet). Demak, Haj arkonlari boshlanib, Minoga borishlaridan oldin Makka shahrida o‘n besh kun va undan ortiq turadigan hojilar boy bo‘lsalar va qurbonlik kunlarining oxirgi vaqtida ham muqim bo‘lsalar, ularga tamattu’ jonlig‘idan tashqari alohida qurbonlik qilishlari vojib bo‘ladi.
Shuningdek, qurbonlikning oxirgi kuni – Zul-hijja oyining o‘n ikkinchi kuni quyosh botishidan oldin Makkaga qaytib, u yerda o‘n besh kundan ko‘p turishi aniq bo‘lgan boy hojilarga ham tamattu’ jonlig‘idan tashqari alohida qurbonlik qilishlari vojib bo‘ladi. Chunki qurbonlik vojib bo‘lishi uchun qurbonlik so‘yiladigan vaqtning oxiri e’tiborga olingan.
Shunday ekan, qaysi hojiga qurbonlik vojib bo‘ladigan bo‘lsa, xohlasa qurbonligini Saudiya Arabistonida so‘ydirsin, hohlasa vatanlaridagi vakillariga aytib qurbonlik so‘ydirishlari mumkin. Chunki hammamizga ma’lum bo‘lgan qurbonlikni istalgan joyda so‘yish joiz bo‘lib, haramda so‘yilishi shart qilinmagan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.