Allohdan duo qilib nima so‘rasam ko‘pincha teskarisini beradi. Namoz o‘qisam ham negadir ishim orqaga ketadi. Nega menda unaqa bo‘lyapti?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Duo ham ibodatlardan biridir. Alloh taolo bandalarini duo qilishga buyurib, shunday deydi:
وَقَالَ رَبُّكُمُ ادْعُونِي أَسْتَجِبْ لَكُمْ إِنَّ الَّذِينَ يَسْتَكْبِرُونَ عَنْ عِبَادَتِي سَيَدْخُلُونَ جَهَنَّمَ دَاخِرِينَ
Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!» – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar” (G‘ofir surasi 60-oyat).
Hadisda: “Duo – bu, ayni ibodat”, – deyilgan. Boshqa oyati karimada Alloh taolo undan duo qilib suragan bandalarining so‘rovlarini ijobat qilishi haqida aytadi:
وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌ أُجِيبُ دَعْوَةَ الدَّاعِ إِذَا دَعَانِ فَلْيَسْتَجِيبُوا لِي وَلْيُؤْمِنُوا بِي لَعَلَّهُمْ يَرْشُدُونَ
“Sizdan (ey, Muhammad!) bandalarim Mening haqimda so‘rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (da’vatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) to‘g‘ri yo‘lga tushib ketsalar” (Baqara surasi 186-oyat).
Duolar ijobat bo‘lishi qaysidir duoni o‘qishga bog‘liq emas, balki ixlos bilan duo qilishga bog‘liq. Duo qilishning ham o‘z odoblari bor. Duo odoblari xususida bunday marhamat qilinadi: “Rabbingizga zorlanib va xufyona duo qiling! Zero, U haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi. Unga (Allohga) ham qo‘rquv, ham umid bilan duo qilinglar! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir” (A’rof surasi 55–56-oyatlari).
Duoni Alloh taologa hamd, Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallamga salavot aytish bilan boshlab, yana shular bilan tugatish uning qabul bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Yana duo qabul bo‘ladigan makonlar va vaqtlardan unumli foydalanish kerak. Eng chiroyli va qabul bo‘lgan duolar Qur’oni karim va hadisi shariflarda keltirilgan, ularni topib o‘rganish lozim.
Duoda Alloh taoloning go‘zal ismlarini takror-takror aytish, tinchlik, ofiyat, salomatlik bilan bir qatorda, dunyo va oxirat yaxshiligini, barcha yaxshiliklarni jamlovchi duolarni qilish lozim.
Kishining duolari, ibodatlari Allohning huzurida maqbul bo‘lishida halol-pok luqma bilan oziqlanish, qarindosh-urug‘chilik rishtalarini mustahkamlash, gunoh ishlardan tiyilishning juda muhim o‘rni bor. Yana Alloh taolo bandasining duosini o‘zi xohlagan paytda qabul qiladi. Duo qabul bo‘lmasa, banda buning uchun qiyomatda alohida mukofot oladi.
Duo bandani Alloh taoloning muhabbatiga erishtiradigan amallardan, shuningdek, rizqning mo‘l, ne’matlarning ziyoda bo‘lishiga sabab hamdir. Xulosa, ixlos bilan duo qilgan kishi hech qachon Alloh taoloning marhamatidan quruq qolmaydi, yo tezda ijobat bo‘ladi, yo oxiratda mukofotini oladi. Nima bo‘lganda ham duo qilgan kishi ibodatning savobini oladi.
Namoz o‘qisam ham ishlarim orqaga ketyapti, degan tushuncha to‘g‘ri emas. Ibodatlarni bandachilik burchimiz bo‘lgani uchun xolis Alloh uchun qilamiz, moddiy manfaat ko‘rish uchun namoz o‘qimaymiz. Lekin hayotda kofirga ham, mo‘minga ham turli sinovlar bo‘lib turadi. Ibodat qilyapman menga Alloh taolo sinov bermasin, deya olmaymiz. Umuman olganda Alloh taoloning shariatiga mukammal amal qilish bandani ikki dunyoda saodatga erishtiradi. Ibodatlarda sobitqadam bo‘ling, doimo namozni jamoat bilan o‘qish, Alloh taoloning zikri va istig‘forni ko‘p aytishga odatlaning. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.