Assalomu aleykum. Duo qilganimizda qulni qovushtirish kerakmi yoki ikki kaftimizni tepaga qaratib turishimiz kerakmi, shu xaqida oyat yoki xadislar kelganmi, iltimos shu xaqida tushuntirib bering?
Va alaykum assalom. Imom Buxoriy o‘zlarining (Sahih)larida (Duolar kitobida, duoda qo‘lni ko‘tarish bobida), keltiradilar, Imom Buxoriy bu bobni alohida keltirib, uni “Ikki qo‘lni ko‘tarish juzi ” deb nomlaganlar, Imom Navaviy (Azkor) va (Al-majmu’ sharhu al-muhazzab) kitoblarida duoda ikki qo‘lni ko‘tarish sunnat amal ekanligiga dalolat qiladigan hadislardan bir qanchasini dalil qilib keltiradilar.
Nabiy sallallohu alahyi vasallamdan duoda qo‘lni ko‘tarish borasida rivoyat qilingan hadisi shariflar bilan tanishib chiqamiz:
عن السائب بن يزيد عن أبيه : أن النبي صلى الله عليه وسلم كان إذا دعا رفع يديه ، ومسح بهما وجهه . رواه أبو داود
Soib Ibn Yaziyd roziyallohu anhu otalaridan rivoyat qiladilar: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam Duo qilganlarida ikki qo‘llarini ko‘tarib uni yuzlariga surtar edilar. ” Abu Dovud rivoyati
Soib ibn Yazid otalaridan rivoyat qilgan hadisi sharifda Nabiy alayissalom duoda qo‘llarini ko‘targanliklari zikr qilinmoqda, shunga ko‘ra duoda ikki qo‘lni ko‘tarish mashru’ amallardan ekanligi ma’lum bo‘ladi.
Imom Nafroviy “Al-favakihu davvoniy” kitoblarida “Namozdan tashqarida ikki qo‘lni ko‘tarib duoning ortidan qo‘lni yuzga surtish borasida Imom Termiziy Umar ibn Xattobroziyallouh anhudan rivoyat qilgan quyidagi hadisni keltiradilar: ”
عن عمر بن الخطاب رضي الله عنه قال : كان رسول الله صلى الله عليه وسلم إذا رفع يديه في الدعاء لم يحطهما حتى يمسح بهما وجهه رواه الترمذي
Imom Termiziy “Sunan”larida Umar ibn Xatob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi aytadilarki : “Qachon Rasululloh sollallohualayhi vasallam duoda qo‘l ko‘tarsalar, yuzlariga surtmasdan uni tushirmas edilar" deganlar.”. Termiziy rivoyati.
Mana shu rivoyatga ko‘ra, duo qilib bo‘lgandan so‘ng, ikki qo‘lni yuzga surtish masalasining asli bor ekanligigi, ma’lum bo‘ladi ayrim kimsalar o‘ylaganidek, yuzga ikki qo‘lni duo qilib bo‘lgandan so‘ng, surtilmaydi deb aytayotganlarga ushbu hadisi sharif dalil bo‘ladi.
Va yana hadisi sharifda Nabiy sallallohu alayhi vasallam duo qilayotgan paytlarida ikki qo‘llarini ko‘tarib turganlari ham hadisda ochiq oydin zikr qilinmoqda.
Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilgan hadisi sharifda Nabiy sallallohu alayhi vasallam duoda ikki qo‘lni ko‘tarib duo qilishga rag‘batlantirganlari zikr qilinadi:
عن سلمان رضي الله عنه انّ ربّكم حىّ كريم، يستحيى من عبده اذا رفع يديه اليه ان يردّهما صفرا رواه الترمذي و البيهقي
Salmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi“Parvardigoringiz juda hayoli va karamlidir. O‘z bandasidan banda unga qo‘l ko‘tarib duo qilsayu, uni quruq qaytarishidan hayo qiladi”. Termiziy va Bayhaqiy rivoyatlari.
Imom Badriddin Ayniy “Al-binoya sharhul hidoya” asarida “Duoda ikki qo‘lni ko‘tarish duoning sunnatlaridan deydilar” bu borada Abu Dovud “Sunan”larida Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifni dalil qilib keltiradilar : Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning duolarda qo‘l ko‘tarishlarini hammadan yaxshi bilgani uchun ham Ibn Abbos raziyaallohu anhu duo qilishdagi holatlarni uchga bo‘lib, bundaytushuntirganlar: المسئلة ان ترفع يديك خذو منكبيك او نحوهما والاستغفار ان تشير باصبع واحدة والابتهال ان تمدّ يديك جميعا “Allohdan so‘rov qo‘lingni yelka barobariga yoki shunga o‘xshash ko‘tarishingdir. Istig‘for aytish esa bitta barmog‘ing bilan ishora qilishdir. Iltijo qilish, yolvorish esa butun qo‘lingni uzatishdir”. Imom Abu Dovudrivoyati.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda duoda ikki qo‘lni qayergacha ko‘tarish xikr qilinmoqda, shunga ko‘ra ikki qo‘l duoda yelka barobarigacha ko‘tarish mumkin ekanligi ma’lum bo‘ladi.
Hatto Payg‘ambarimiz alayhissalomning o‘zlari duo qilishda qo‘l ko‘tarishga buyurganliklari rivoyat qilinadi :
عن ابن عباس رضي الله عنه قال اذا سألتم الله فأسئلوا ببطون أكفكم ولاتسألوا بظهورها فاذا فرغتم فامسحوا بها وجوهكمرواه أبو داود
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi aytadilarki :“Qachon Allohdan so‘rasanglar, kaftlaringizning ichki tomoni bilan so‘rangiz, ularning orqa tomoni bilan so‘ramangiz! Bas, qachon duodan forig‘ bo‘lsangizlar, kaftlaringizni yuzlaringizga surtingiz!”.Imom Abu Dovud rivoyati.
Yuqoridagi hadisi sharifda Nabiy sallollohu alayhi vasallam qanday duo qilishni ta’lim bermoqdalar, duo qilayotganda qo‘lning kaft qismi insonni yuz tomoniga qaragan holda bo‘lishini ta’lim bermoqdalar, duo qilib bo‘lgach uni yuzga surtishgabuyurmoqdalar.
عن ابن عباس مرفوعاً "إذا دعوت الله فادع بباطن كفيك، ولا تدع بظهورهما، فإذا فرغت فامسح بهما وجهك ".
Ibn Abbos roziyallohu anhudan marfu’ holda rivoyat qilingan hadisda “Agar Allohga duo qilsang kaftingni ichi bilan duo qil kaftingni orqasi bilan duo qilmagin, duo qilib bo‘lganingdan so‘ng ikki qo‘lingni yuzinga surt”Ibn Moja rivoyati.
Ismoil Ajuliy “Kashful xafo va muziylu iltibos” asarida “Ikki qo‘lni yuzga surtish duo tugagan payda bo‘ladi”.
Abul Hasan ibn Zahhok Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda ikki qo‘lni qayergacha ko‘tirilishi haqida rivoyat qiladilar.
عن ابن عباس- رضي الله تعالى عنه- قال : «رأيت رسول الله- صلى الله عليه وسلم- بعرفة بالموقف ، ويده إلى صدره كاستطعام المسكين وروى أبو الحسن بن الضحاك
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi aytadilarki:“Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Arofotdagi mavqifda ko‘rdim u zotning qo‘llari ko‘ksilarida turar edi taom so‘rayotgan miskin kabi. Abul Hasan ibn Zahhok rivoyat qildi.
Yuqoridagi hadisi sharifda Nabiy sallallohu alayhi vasallam qo‘llarini qayergacha ko‘targanliklari zikr qilinmoqda, demak musulmon kishi duoda qo‘llarini ko‘krak borobarigacha ko‘tarishi lozim bo‘ladi.