DUO QILAYOTGANIMDA YOMON HAYOLLAR KELADI

ID: 564

04.04.2025

58

Savol:

Namozlardan keyin duo qilsam hayolimga "duo qilib ovora bo‘lma, sani duoying qabul emas", "chin dildan qilmading qabul emas" yoki "allohning qudratiga shubha qilib qo‘yding, endi qabul emas" degan har xil hayollar keladi. Keyin shu hayollar bilan urushib-urushib zo‘rg‘a duo qilaman. Iltimos maslahat bering ustoz qanday yo‘l tutay.

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Sizdagi holat vasvasa hisoblanadi. Bunga e’tibor bermang. Hadisi sharifda “Duo ibodatning mag‘zidir” deyilgan. Ya’ni biz duo qilganimizda ibodat qilayotgan bo‘lamiz. Shayton duo qilmaslikni vasvasa qilmoqda. Agar bunga e’tibor qilsangiz oxiri borib duo qilishdan bezib qolasiz. Natijada duo qilmay qo‘yasiz. Shaytonning maqsadi ham shu – sizni duodan to‘xtatish edi.

Axir Buyuk Robbimiz “duo qilinglar, ijobat etaman” degan bo‘lsa, biz nega duo qilishdan to‘xtashimiz kerak, tinimsiz duo qilaveraman, deb duolarni ko‘paytiring. Oyati karimada:

قُلْ يَا عِبَادِيَ الَّذِينَ أَسْرَفُوا عَلَى أَنْفُسِهِمْ لَا تَقْنَطُوا مِنْ رَحْمَةِ اللَّهِ إِنَّ اللَّهَ يَغْفِرُ الذُّنُوبَ جَمِيعًا إِنَّهُ هُوَ الْغَفُورُ الرَّحِيمُ

«(Ey Muhammad alayhissalom), (turli gunoh-ma’siyatlar qilish bilan) o‘z jonlariga jinoyat qilgan bandalarimga ayting: «Allohning rahmat marhamatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta, Alloh (O‘zi xohlagan bandalarining) barcha gunohlarini mag‘firat qilur. Albatta, Uning O‘zigina mag‘firatli, mehribondir» (Zumar surasi, 53).

Boshqa bir oyatda:

وَرَحْمَتِي وَسِعَتْ كُلَّ شَيْءٍ

«...Rahmatim – mehribonligim esa hamma narsadan kengdir» (A’rof surasi, 156).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Allohning yuzta rahmati bo‘lib, undan bitta rahmatni jinlar, insonlar, hayvonlar va hashoratlar orasiga tushirdi. Ana o‘sha bitta rahmat bilan ular bir-biriga rahm qiladilar, shafqatli bo‘ladilar. Va shu rahmat bilan vahshiy hayvon o‘z bolasiga mehribon bo‘ladi. Alloh to‘qson to‘qqizta rahmatni olib qoldiki, ular bilan qiyomat kunida bandalariga rahm qiladi» (Muttafaqun alayh). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar