Qaynonam erimga "xotining bilan ajrashmasang qarg‘ab o‘taman, seni ham xotiningni ham" deyaptilar. Erim bilan ajrashmoqchi emasmiz. Aytingchi qaynonamni qarg‘ishlari o‘tadimi, onasini aytganini qilmagani uchun erim onasiga oq bo‘lib qolmaydimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ota-onani roziligini olish farz, lekin ota-ona nohaq taloqqa buyursa, itoat qilmasa, gunohkor bo‘lmaydi. Lekin bu ota-ona hech kim, degani emas. O‘z o‘rnida kelinlar ham qaynota-qaynonalarni rozi qilishga harakat qilish kerak. Eri bilan ota-onasini urishtirib qo‘yib, o‘zi ularni tomosha qilib o‘tirishi katta buzg‘unchilikdir! Chunki o‘sha qaynota-qaynonalar sevimli erini dunyoga keltirgan, kamolatga erishtirgan va eru xotinni shirin-shakar hayotiga sababchi bo‘lgan, kerak bo‘lsa uylantirib, uy-joy qilib bergan zotlardir. Vaholanki, uylantirish va uy joy qilib berish, ota-onaga qat’iy belgilab qo‘yilgan farz emas.
Er-xotin o‘ylab ko‘rishsin, nima ish qilishganki, onaizor qarg‘ayman, deyishga majbur bo‘lgan. O‘sha kamchilikni to‘g‘irlashsin, uzr so‘rashsin, ularga shirinso‘z bo‘lishsin. Zero Alloh taolo Qur’oni karimda aytadi: "Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey, inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga «uf!..» dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt!" Alloh taolo barchamizga tavfiq bersin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.