Men hozir Yevropada o‘qiyman. Menga yaqin bo‘lgan masjidda tarovih namozi sakkiz rakat o‘qiladi. Keyin vitrni o‘qib tugatamiz. Namoz tugagandan keyin men uyga kelib, 12 rakat o‘qib olishim kerakmi? Agar o‘qisam, vitrdan keyin ham o‘qish mumkinmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Tarovih namozi sunnati muakkada amal hisoblanadi va yigirma rakat o‘qiladi. Bunga dalil sifatida ushbu hadisni keltirish mumkin:
رَوَى الْبَيْهَقِيُّ فِي (مَعْرِفَةِ السُّنَنِ وَالْآثَارِ) عَنِ السَّائِبِ بْنِ يَزِيْدٍ قَالَ: (كُنَّا نَقُومُ فِي زَمَنِ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ بِعِشْرِيْنَ رَكْعَةٍ وَالْوِتْرَ).قَالَ النَّوَوِيُّ فِي (الْخُلاصَةِ) : إسْنادُهُ صَحِيًحٌ كَما نَقَلَهُ الْقَارِي فِي (الْمِرْقاةِ) وَابْنُ الْهُمَامِ فِي (فتح القدير)
Imom Bayhaqiy rohimuhulloh “Ma’rifatus sunan val Osor” kitobida Soib ibn Yazid roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning zamonida yigirma rakat qiyomul-layl qilar edik va vitr o‘qir edik. Imom Navaviy rahimahulloh “Al-Xulosa” kitobida mazkur hadisning isnodi sahih deganlar. Shu va shunga o‘xshash yana bir nechta hadislardan kelib chiqib Mulla Ali Qori rohimahulloh tarovih namozi yigirma rakat ekaniga sahobalarning ijmosi borligini aytganlar:
"لكن أجمع الصحابة على أن التراويح عشرون ركعةً"
“Sahobalar tarovihning yigirma rakat ekaniga ijmo qilishgan”. (“Mirqotul mafotih” kitobi). Demak, Siz jamoat bilan sakkiz rakat o‘qib bo‘lgach, uyga kelib, qolgan 12 rakatini o‘qib olasiz. Agar masjidda vitrni o‘qib qo‘ygan bo‘lsangiz, vitrni qayta o‘qiymaysiz. Chunki tarovih namozini vitrdan oldin ham keyin ham o‘qish mumkin. Vallohu a’lam. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.