DORILARNI HAYVONLARDA TAJRIBA QILISH

ID: 19

04.04.2025

231

Savol:

Dorilarni ishlab chiqarish va odamlarga qo‘llashdan oldin sichqon kabi kemiruvchi hayvonlarda tajriba o‘tkaziladi. Bunday qilish dinimizda joizmi? Hayvonni jonini qiynash sababli gunohkor bo‘lib qolinmaydimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Bugungi kunda dori-darmonlar ishlab chiqarishlik hayotiy zaruratlardan hisoblanadi. Dori-darmonlarning ta’siri kuchli bo‘lishi uchun ular bir necha bosqichli sinovlardan o‘tkaziladi. Tadqiqot va kashfiyotlar uchun hayvonlardan foydalanish joiz, ayniqsa, savolda aytilgandek, sichqon, kalamush singari shariatda o‘ldirishga ruxsat berilgan hayvonlar ustida tajriba o‘tkazish masalani yanada yengillashtiradi. CHunki mutaxassislarning ta’kidlashicha, ko‘plab insonlar yo‘liqadigan kasalliklar hayvonlarda ham uchrab turadi. SHuning uchun bu ishlar ortida insoniyat uchun ulkan manfaatlar yotadi. Qolaversa, shariatning maqsadlaridan biri insonning hayotini muhofaza qilishdir. 
Alloh taolo kalomida shunday marhamat qiladi:

هُوَ الَّذِي خَلَقَ لَكُم مَّا فِي الْأَرْضِ جَمِيعًا

U sizlar uchun yer yuzidagi barcha narsani yaratgan zot. (Baqara surasi, 29-oyat). Ushbu oyat insonlar yer yuzidagi barcha narsadan foydalanishi mumkin ekaniga dalolat qiladi. Ilmiy ishlar, kashfiyotlar uchun hayvonlarda tajriba o‘tkazish ana shunday foydalanish ostiga kiradi.

SHuni ham ta’kidlash kerakki, ushbu holatda aniq bo‘lgan foydani ko‘zlab foydalanish kerak. Inson hayvonot olamidagi jonzotlarni biror-bir maqsad tufayli so‘yishi mumkin. Ammo bemaqsad, behudaga so‘yish, o‘ldirish mumkin emas.

عن الشريد بن سويد الثقفي قال قال صلى الله عليه وآله وسلم: مَنْ قَتَلَ عُصْفُورًا عَبَثًا عَجَّ إِلَى اللهِ عَزَّ وَجَلَّ يَوْمَ الْقِيَامَةِ؛ يَقُولُ: يَا رَبِّ إِنَّ فُلَانًا قَتَلَنِي عَبَثًا وَلَمْ يَقْتُلْنِي لِمَنْفَعَةٍ رواه النسائي.

SHurayd ibn Suvayd Saqafiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim biror qushni o‘ldirsa, o‘sha qush qiyomat kuni Alloh taologa: “Robbim, falonchi meni bekordan-bekorga o‘ldirdi, biror-bir foydani ko‘zlab o‘ldirmadi”, deb shikoyat qiladi”, dedilar” (Imom Nasoiy rivoyati).

Hayvonga tirik holida tajriba qilinganda salbiy ta’sir qilib, qiynalib yashaydigan bo‘lsa, azoblanmaydigan qilib so‘yish yoki o‘ldirish, so‘yishda ham o‘tkir tig‘li asbobdan foydalanish lozim.

عن أبي يعلى شداد بن أوس رضي الله عنه ، عن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال إِنَّ اللهَ كَتَبَ الْإِحْسَانَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ فَإِذَا قَتَلْتُمْ فَأحْسِنُوا الْقِتْلَةَ، وَإِذَا ذَبَحْتُمْ فَأحْسِنُوا الذَّبْحَ رواه مسلم

Abu YA’lo SHaddod ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo har bir ishda yaxshilikni yozgandir. Agar o‘ldirsangiz, chiroyli tarzda o‘ldiring. Agar so‘ysangiz, chiroyli tarzda so‘ying”, dedilar (Imom Muslim rivoyati). Vallohu a’lam. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar