Assalomu alaykum hurmatli Fatvo markazi ulamolari! Men oshqozon osti bezimda muammo sababli shifokorlar menga fermentli dorilarni (masalan, Mezim, Festal, Creon) ichishni tavsiya qildi. Ammo bu dorilar choʻchqa oshqozon osti bezidan olinadigan moddalar asosida tayyorlanishini eshitdim. Shu sababli bu dorilarni ichsam boʻladimi dorixonada faqat shunday dorilar mavjud ekan
Dinimizda zarurat holatida harom narsa bilan davolanishga ruxsat beriladi. Buning uchun boshqa halol muqobil dori vositasi mavjud bo‘lmasligi va tajribali shifokor ushbu dorining shifo ekanini tasdiqlashi shart. Bu ruxsat bemor sog‘aygunga yoki o‘rnini bosuvchi halol davo topilgunga qadar amal qiladi.
Alloma Haskafiy rahimahulloh mazhabimizda harom bilan davolanish joiz emasligini bayon qilib, “Hoviy” kitobidan naql qiladilar: “Ba’zi qavllarga ko‘ra harom narsada shifo borligi ma’lum bo‘lsa va boshqa davo (dori) topilmasa, harom bilan davolanishga ruxsat beriladi. Bu xuddi chanqoqdan o‘lar holatga kelgan kishiga may ichishga ruxsat berilgani kabidir. Fatvo shungadir” (“Durrul-muxtor” kitobi). Alloma Ibn Obidiyn rahimahulloh yuqoridagi so‘zlarni sharhlab, harom moddada shifo borligi aniq bo‘lmasa, u bilan davolanish joiz emasligini aytadilar. Lekin o‘sha moddada shifo borligi tabib o‘tkazgan ko‘p tajribalardan ma’lum bo‘lgan bo‘lsa, bu gumoni g‘olib kelgan tabibning so‘zi sifatida e’tiborga olinadi. Demak, ulamolarning fatvolariga ko‘ra, bemorga boshqa halol dori-darmon topilmaganda, harom moddada (jumladan chuvalchangda) shifo borligi bir qancha tajribalarda isbotlangan bo‘lsa, davolanish uchun uni iste’mol qilish joiz bo‘ladi. Bu ruxsat toki bemor tuzalguncha davom etadi, undan keyin esa yeyish harom bo‘lgan moddaga aylanadi.