DO‘KONCHILARGA TOVAR OLIB BERISH

ID: 4076

10.11.2025

44

Savol:

Assalomu alaykum ustoz. Mening savolim shuki, savdo-sotiq bilan shug‘ullanaman. Do‘konchilarga tovar olib beraman. O‘zimni yo‘l kiramni to‘lab boraman, ular tanlagan molning pulini men to‘lab beraman. Yukni olib kelib, ular do‘konlarida sotishadi. Men ularga 10 million so‘mga yuk olsam, 12 million so‘mga deb, 4 oyda har kuni 100 mingdan yig‘aman. Bir xil sotuvchilar 5 oyda qutuladi. Shunda mening ishim sudxo‘rlikka (riboga) kirmaydimi? Javob uchun oldindan rahmat.

Javob:

Vaalaykum assalom. Shariatimiz ahkomlariga ko‘ra, bu muomala savdo bo‘lishi va riboga kirmasligi uchun muhim bir shart bor. Siz avval tovarni sotuvchidan to‘liq sotib olishingiz va uni qabul qilib (qabz qilib), o‘zingizning mulkingizga o‘tkazishingiz shart. Shundan so‘nggina, ushbu sizga tegishli bo‘lgan molni do‘konchilarga nasiyaga, kelishilgan narxda (masalan, 12 millionga) sotishingiz durust bo‘ladi. Agar siz tovarni o‘zingizga olmasdan, shunchaki ularning nomidan 10 million to‘lab, evaziga 12 million olsangiz, bu savdo emas, balki qarz berib foyda olish, ya’ni sudxo‘rlikdir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar