DINIMIZDA FARZ NAMOZLARINING AHAMIYATI

ID: 183

04.04.2025

202

Savol:

Men har kuni bomdod namozini uyda o‘qiyman. Kunduzi tirikchilik sababli ko‘pincha peshin, asr va shom namozlarini o‘qiy olmayman. Xufton namozidan keyin ushbu namozlarni qazo qilib o‘qisam bo‘ladimi? Buning zarari yo‘qmi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Islom shariatida buyurilgan besh mahal farz namozlarini har qanday vaziyatda ham o‘z vaqtida o‘qilishi lozim. Bu Alloh taoloning buyrug‘i.

وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآَتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ  

“(Ey, mo‘minlar!) Namozni barkamol ado etingiz, zakotni beringiz va Payg‘ambarga itoat etingiz, zora (shunda) rahm qilinsangiz” (Nur surasi, 56-oyat).

Faqat bir mahal namozni o‘qigan banda qolgan namozlaridan so‘raladi. Qiyomatda eng birinchi so‘raladigan amal farz namozlari haqida bo‘ladi. Chunki namoz Islom dinining ustinidir.

عَنِ ابْنِ عُمَرَ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم "بُنِيَ الإِسْلَامُ عَلَى خَمْسٍ: شَهَادَةِ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللَّهُ وَأَنَّ مُحَمَّدًا رَسُولُ اللَّهِ، وَإِقَامِ الصَّلَاةِ، وَإِيتَاءِ الزَّكَاةِ، وَالحَجِّ، وَصَوْمِ رَمَضَانَ" (رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ)

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom besh narsa ustiga qurilgandir: “Laa ilaha illalloh va anna Muhammadan Rasululloh” kalimasi, namozni ado etish, zakot berish, Baytullohni haj qilish, Ramazon ro‘zasini tutish”, dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Tirikchilik yohud dunyo ishlari bir mahal namozni ham o‘z vaqtidan kechiktirishga uzr bo‘la olmaydi. Namoz, kalimai shahodatdan keyingi eng ulug‘ farz hisoblanadi. Alloh taolo:

حَافِظُوا عَلَى الصَّلَوَاتِ وَالصَّلَاةِ الْوُسْطَى وَقُومُوا لِلَّهِ قَانِتِينَ

“Namozlarni, o‘rta namozni muhofaza qiling va Allohga toat ila qoim bo‘ling”, degan (Baqara surasi, 238-oyat).

Namozni muhofaza qilish bu doimo o‘z vaqtida ado etish deganidir. «O‘rta namoz» haqida turli fikrlar bor. Ko‘pchilik ulamolar, o‘rta namozdan murod - Asr namozi, deganlar. Namoz Allohga itoatning bosh ramzi bo‘lganidan oyatning oxirida: “Allohga toat ila qoim bo‘ling”, deyilmoqda. Namozni vaqtidan kechiktirish mumkin emas. Alloh taolo:

فَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ إِنَّ الصَّلَاةَ كَانَتْ عَلَى الْمُؤْمِنِينَ كِتَابًا مَوْقُوتًا

“Namozni to‘kis ado etinglar. Albatta, namoz mo‘minlarga vaqtida farz qilingandir”, degan (Niso surasi, 103-oyat). Ya’ni, namozni muayyan vaqtlarda o‘qish farz bo‘lib, o‘sha vaqtlaridan kechiktirish mumkin emas.

Barcha solih amallarning avvali namozdir. Shu bois, namozni har qanday holatda to‘kis ado etish har bir musulmonning burchidir. Boshqa amallarni uzr bilan kechiktirish mumkin, ammo namozni butunlay tark qilish yoki o‘z vaqtidan kechiktirishga o‘lim va bexushlikdan boshqa uzr yo‘q.

عَنِ ابْنِ عُمَرَ رضي الله عنه: أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "الَّذِى تَفُوتُهُ صَلاَةُ الْعَصْرِ كَأَنَّمَا وُتِرَ أَهْلَهُ وَمَالَهُ" (رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ)

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Asr namozini o‘tkazib yuborgan (odam) oilasidan, boyligidan ayrilgan (kishi) kabidir”, deganlar. Ya’ni, asr namozini uzrsiz o‘qimagan odam oila a’zolaridan, mol-mulkidan ayrilib qolganga o‘xshaydi. Payg‘ambarimiz alayhissalom betob yotgan Imron ibn Husaynni ziyoratiga borganlarida namozga mahkam bo‘lishga buyurib:

صَلِّ قَائِمًا، فَإِنْ لَمْ تَسْتَطِعْ فَقَاعِدًا، فَإِنْ لَمْ تَسْتَطِعْ فَعَلَى جَنْبٍ (رواه البخاري)

“Namozni tik turgan hol ado etgin. Agar turib o‘qishga quvvating yetmasa o‘tirib o‘qi. Agar o‘tirib o‘qishga ham madoringiz bo‘lmasa, u holda yonboshlab o‘qi” – dedilar (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

Banda o‘z namozi ila o‘ziga omonlik, xotirjamlik va najot tilaydi.

عن أبي قتادة رضي الله عنه عن النبي صلى الله عليه وسلم أنه قال: قَالَ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ: افْتَرَضْتُ عَلَى أُمَّتِكَ خَمْسَ صَلَوَاتٍ وَعَهِدْتُ عِنْدِي عَهْدًا أَنَّهُ مَنْ حَافَظَ عَلَيْهِنَّ لِوَقْتِهِنَّ أَدْخَلْتُهُ الْجَنَّةَ ، وَمَنْ لَمْ يُحَافِظْ عَلَيْهِنَّ فَلَا عَهْدَ لَهُ عِنْدِي

Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh azza va jalla: “Men sening ummatingga besh vaqt namozni farz qildim. Men o‘zimga o‘zim, kim ularni muhofaza qilib o‘z vaqtida o‘qib kelsa, albatta, jannatga kiritaman, deb ahd berdim. Kim ularni muhofaza qilmasa, Mening huzurimda unga ahd yo‘qdir, dedi”, deb aytdilar” (Imom Ibn Moja rivoyat qilgan).

Banda tirikligida bajargan har bir amali qiyomat kuni birma-bir hisob qilinadi. Eng birinchi namozi haqida so‘raladi. Agar namozni vaqtida o‘qisa, oxiratda yutuqqa erishadi, do‘zaxdan xalos bo‘lib, jannatga kiradi. Agar namozni o‘z vaqtida ado etmagan bo‘lsa, muvaffaqiyat-sizlikka uchraydi, nadomat chekadi.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: إِنَّ أَوَّلَ مَا يُحَاسَبُ بِهِ الْعَبْدُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ مِنْ عَمَلِهِ صَلاَتُهُ فَإِنْ صَلُحَتْ فَقَدْ أَفْلَحَ وَأَنْجَحَ وَإِنْ فَسَدَتْ فَقَدْ خَابَ وَخَسِرَ (رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ وَالدَّارِمِيُّ وَأَحْمَدُ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ)

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Qiyomat kuni banda amallari ichidan eng birinchi hisob qilinadigani uning namozidir. Agar (namozi) to‘g‘ri (ado etilgan) bo‘lsa, aniq yutuqqa erishibdi, najot topibdi. Agar (namozi) fosid bo‘lsa, shubhasiz noumid bo‘libdi, yutqazibdi. ...”, deganlarini eshitganman” (“Sunan” sohiblari, Dorimiy, Ahmad rivoyat qilgan. Hadis sanadi sahih).

Farz namozlarni risoladagidek o‘qigan odamning gunohlari kechiriladi, dilidagi g‘uborlar yuviladi, ruhiy holati yaxshilanadi.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ سَمِعَ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: أَرَأَيْتُمْ لَوْ أَنَّ نَهَرًا بِبَابِ أَحَدِكُمْ يَغْتَسِلُ فِيهِ كُلَّ يَوْمٍ خَمْسًا مَا تَقُولُ ذَلِكَ يُبْقِي مِنْ دَرَنِهِ قَالُوا: لاَ يُبْقِي مِنْ دَرَنِهِ شَيْئًا قَالَ: فَذَلِكَ مِثْلُ الصَّلَوَاتِ الْخَمْسِ يَمْحُو اللهُ بِهِ الْخَطَايَا. (رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ)

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Birontangiz eshigi oldidan ariq oqib o‘tsa, u o‘sha ariqda bir kunda besh mahal cho‘milsa, un(ing tanasi)da kir qoladimi?” deb so‘radilar. Shunda sahobalar: “Yo‘q, hech qanday kiri qolmaydi”, deyishdi. U zot: “Besh vaqt namoz ham shunga o‘xshaydi. Alloh u bilan gunohlarni ketkazadi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyat qilgan).

Xulosa qilib aytganda, musulmon kishining imonini oziqlantirib, kuch berib, yangilab turadigan narsa namozdir. Namozsiz imon qalbning bir chetida qarovsiz qolib so‘nadi, ma’nosiz, soxta, taqlidiy bir narsaga aylanadi. Ana shunday “imoni”ga ishonib, “qalbim pok”, deya namozini tark etish qurib qolgan cho‘pni gul, deb ko‘tarib yurganga o‘xshaydi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar