QANDLI DIABETNI TEZKOR O‘LCHAYDIGAN MAXSUS MOSLAMA HAQIDA

ID: 200

04.04.2025

24

Savol:

Ba’zi qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar qondagi qand miqdorini bilish uchun maxsus moslamani qo‘llariga yopishtirib oladilar. Ushbu moslamaning shakli yupqa narsa bo‘lib, qondagi qand miqdorini tez o‘lchash imkonini beradi. Shu moslamani qo‘lga yopishtirib olingan holda tahorat va g‘uslning hukmi qanday bo‘ladi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Shariatning umumiy qoidasiga ko‘ra, tahorat a’zolari (yuz, qo‘l, bosh va oyoq)ga suvni yetkazish farz amal sanaladi. Alloh taolo aytadi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِذَا قُمْتُمْ إِلَى الصَّلَاةِ فَاغْسِلُوا وُجُوهَكُمْ وَأَيْدِيَكُمْ إِلَى الْمَرَافِقِ وَامْسَحُوا بِرُءُوسِكُمْ وَأَرْجُلَكُمْ إِلَى الْكَعْبَيْنِ

“Ey, imon keltirganlar! Namoz (o‘qish)ga turar ekansiz, albatta, yuzlaringizni, qo‘llaringizni tirsaklarigacha yuvingiz, boshlaringizga mash tortingiz va oyoqlaringizni to‘piqlarigacha (yuvingiz)!” (Moida surasi, 6-oyat).

Agar jarohat ustiga biror narsa bog‘lansa yoki singan joyga taxtakach qo‘yilsa, uning ustidan mash tortish mumkin bo‘ladi. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, boshi yorilgan bir kishi ehtilom bo‘lib qolib, g‘usl qiladi, jarohatidan suv kirib, vafot etadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga buning xabari yetganda, U Zot: “Jarohatiga biror lattani siqib (yoki bog‘lab) olib, tayammum qilishi, jarohat ustiga mash tortib, qolgan a’zolarini yuvishi kifoya edi”, deydilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Bemorning qonidagi qand miqdorini o‘lchaydigan, qo‘lga yopishtirib olinadigan, teriga o‘xshash jihozning hukmiga kelsak, agar bemorning holati – qonidagi qand miqdori keskin pasayib, to‘satdan hushidan ketishga olib keladigan, bemor hayotiga xavf tug‘diradigan o‘tkir ko‘rinishda bo‘lsa, mazkur moslama jabira hukmida bo‘ladi. Undan  foydalanish zarurat bobidan hisoblanadi. Zero, jonni saqlash beshta zaruratdan biri bo‘lib, uni muhofazasi shar’an vojib sanaladi. Ulamolar:

"مَا لَا يَتِمُّ الوَاجِبُ إلَّا بِهِ فَهُوَ وَاجِبٌ"

“Vojib amal nima narsa bilan mukammal bo‘lsa, o‘sha narsa ham vojibdir”, deya ta’kidlaganlar. Qondagi qand miqdoridan tezkor xabardor bo‘lib turish – bemorga to‘g‘ri tashxis qo‘yish va davolash imkonini beradi. Shuning uchun g‘usl yoki tahorat paytida jihoz ustidan mash tortish  joiz bo‘ladi. Qondagi qand miqdorini ko‘tarilib-tushishini davolashda tezkor tashxis lozim bo‘lmagan holatlarda mazkur moslamani teriga yopishtirib olib, uning ustiga mash tortishda shar’iy uzr yo‘q. Shuning uchun tahorat yoki g‘usl paytida uni olib tashlash kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar