DEHQONCHILIK MAHSULOTLARINING ZAKOTI

ID: 925

04.04.2025

200

Savol:

Ustozlar ushr haqida to‘liqroq ma’lumot bersangiz. Ushrni dehkonchilikni yig‘ishtirgandan keyin darhol berish kerakmi yoki keyinroq bersa ham bo‘ladimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

"Ushr" – arab tilida, o‘ndan bir degani. Shariatda esa dehqonchilik mahsulotlarining zakoti hisoblanib, asosan yetishtirilgan mahsulotning o‘ndan bir qismi miskinlarga berilishi e’tiboridan ushr deb nomlanadi. Ushr shariatimizda Qur’oni karim, hadisi sharif va ulamolar ijmosiga ko‘ra farzdir. Alloh taolo An’om surasi, 141-oyatida, shunday marhamat qilgan:

وَآتُوا حَقَّهُ يَوْمَ حَصَادِهِ وَلَا تُسْرِفُوا إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ

ya’ni: “Va uning haqini hosilini yiqqan kuni bering. Isrof qilmang. Chunki u zot isrofchilarni yaxshi ko‘rmas”.

Ushbu oyatda Alloh taolo ziroat ekinlarining zakotini hosilni yiqqan kunda berishga amr qilmoqda. Yana Alloh taolo “Baqara” surasi  267-oyatida shunday marhamat qilgan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا أَنْفِقُوا مِنْ طَيِّبَاتِ مَا كَسَبْتُمْ وَمِمَّا أَخْرَجْنَا لَكُمْ مِنَ الْأَرْضِ

ya’ni: "Ey imon keltirganlar kasb qilgan pok narsalaringizdan va sizga yerdan chiqarib bergan narsalarimizdan infoq qilinglar”.

Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Anhorlar va bulutlar sug‘organ narsalardan ushr (o‘ndan bir), suv chiqaruvchi hayvon ila sug‘orilgandan yigirmadan bir (beriladi)”, dedilar” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Imom Abu Hanifa rahimahulloh esa ziroat mahsulotlarining ozidan ham, ko‘pidan ham zakot olinadi, deydilar. Bu gapni Ibrohim Naxa’iy, Ato ibn Abi Raboh, Umar ibn Abdulaziz va boshqalar ham aytganlar. Ular, zakot farzligi to‘g‘risidagi oyat va hadislarda nisob haqida so‘z yo‘qligini hujjat qilib keltiradilar. Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad hamda jumhur ulamolar ziroat besh vasaq (653 kg) miqdoriga yetsa, keyin zakot beriladi, kamidan berilmaydi, deganlar. Bunga ular Rasulullohning sallallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislarini dalil qiladilar:

لَيْسَ فِيمَا دُونَ خَمْسَةِ أَوْسُقٍ صَدَقَةٌ (رواه الامام مسلم)

ya’ni: “Besh vasaqdan kam mahsulotda sadaqa yo‘qdir”, deganlar.

Ko‘pchilik hanafiy mazhabi ulamolari Imom Abu Hanifaning gaplarini qabul qilganlar.

Oqar suv yoki yomg‘irda sug‘orilgan ekinlarning hosilidan xarajatlar chiqarilmasdan ushr (o‘ndan bir) beriladi. Yerga ishlov berilmasdan o‘zi o‘sib chiqqan mahsulotlardan ushr berilmaydi. Suv chiqarishga charxpalak, hayvon va boshqa narsalarni ishlatib, sarf-xarajat qilingan bo‘lsa, mahsulotning, yigirmadan biri ushr qilib beriladi. Sug‘orishdan boshqa ishlarga sarflangan xarajatlar e’tiborga olinmaydi. Asaldan, garchi oz bo‘lsa ham, o‘ndan biri ushr sifatida faqirlarga beriladi (“Muxtasarul viqoya” kitobi).

Hovlidagi mevali daraxtlar mevasidan ushr berilmaydi. Balki dalasidagi daraxtlari mevasidan ushr beriladi. Zero, hovlidagi narsalar undagi imoratlarga tobe hisoblanib, ulardan ushr berilmaydi (“Fatavoi Qozixon”kitobi).

Ushr berishdan oldin yer xarajatlari va boshqa xarajatlar chiqarib tashlanmaydi. Shuningdek, mahsulotlar olinganidan so‘ng, bir yil o‘tishi, nisob miqdorining to‘ldirilishi shart emas. Yerdan olingan hosil qancha bo‘lishidan qat’i nazar, undan ushr beriladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar