Assalomu alaykum. Biz foyda ko'rish maqsadida dehqonchilik qilamiz, ya'ni sholi ekamiz. Ikki yil bo'ldi, hali sholimizni sotganimiz yo'q. Qolaversa, bo'lib to'lash (muddatli to'lov) bo'yicha uy ham xarid qilganman, hali uy nomimga o'tgani yo'q, ya'ni qurilishi yakunlanmadi va hozirda oylik to'lov qilaman. Hozirda yashashga uyim bor, yangi uyni mulk sifatida sotib olayapman, kelajakda farzandlarim uchun. Undan tashqari, o'zimni tijoratim ham bor. Savolim shundan iboratki: men zakot hisoblash vaqtida sotilmagan g'allamga va tayyor bo'lmagan uyimga qanday zakot chiqaraman? Qolaversa, mening bir qarindoshim bor. Ular chin etim, buvisi bilan qolgan ikki farzandlar. Bittasi maktabni bitirgan, yana birsi maktabda 10-sinf o'quvchisi. Men zakotimni shularga berishni niyat qilganman. Ular davlatning kam ta'minlangan oilalar ro'yxatida turishadi. Zakotni shularga bersam bo'ladimi? Yana bitta savolim shundan iboratki: dehqonchilikda ushr beriladi deb eshitganman. Shuni mahsulot emas, pul ko'rinishida berilsa bo'ladimi? Javob uchun rahmat.
Vaalaykum assalom. Sholi yig'ib olinganda undan bir marta ushr berish vojib bo'lib, u omborda yillab tursa ham, to sotilmaguncha undan zakot chiqarilmaydi. Hali to'liq nomingizga o'tmagan va qurilishi yakunlanmagan uyingiz uchun ham, tijorat niyatida olinmayotgani sababli zakot hisoblanmaydi.
Qarindoshlaringiz bo'lgan o'sha etimlar (garchi voyaga etgach shar'an etim deb atalmasada) agar zakot nisobiga ega bo'lmagan muhtojlar toifasidan bo'lsalar, zakotni aynan ularga berishingiz joiz. Bunda zakotni ado qilish bilan birga silai rahm ajrini ham olasiz.
Ushrni esa mahsulotning o'zi emas, balki uning bozor narxidagi qiymatini pul ko'rinishida berish ham durust. Alloh taolo ibodatlaringizni qabul qilsin! Vallohu a'lam.