“DASTURXONDA QOLGAN NON SHAYTONNI NASIBASI”MI?

ID: 338

04.04.2025

36

Savol:

Yaqinda to‘yimiz bo‘ldi. Kelin bo‘lib tushgan xonadonimda qiziq odatlar bor ekan. Qaynonam “Dasturxonda duo qilayotganda non qolib ketmasin. Aks holda, u nonni yemaslik kerak. Qolgan non shaytonning rizqi bo‘ladi. Uni kuchukka berish kerak”, deb aytdi. Shu gap rostmi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ovqat yeyayotgan vaqtda yerga tushib ketgan ushoq yoki ovqat bo‘laklarini terib olib, tozalab yeyishga buyurganlar. Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Birortangizning luqmasi (yerga) tushib ketsa, uni olib, (yopishgan) zararli narsalarni ketkazib, yesin. Uni shayton uchun tark qilmasin. Barmoqlarini yalamaguncha qo‘lini sochiqqa artmasin. Chunki, u baraka taomning qayerida ekanini bilmaydi”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati).

Ushbu hadisdan Alloh taolo bergan rizqning qadriga yetmaslik shaytoniy amal ekani, to‘kilgan taomni yerdan olib, tozalab yeyish rizqning qadriga yetish, insonlardan qolgan taomlar shayton va jinlar uchun taom qilib berilgani ma’lum bo‘ladi. Bu duo qilinganidan keyin dasturxonda qolgan nonlarni yemaslik kerak, bu shaytonni nasibasi bo‘ladi, degani emas, aksincha ularni avaylab olib qo‘yish, ushoqlarini esa terib yeyish lozimligini ifoda qiladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar