Assalomu alaykum. Men qabristonda mayyitni ko‘mish vaqtida qabr uchun kovlangan tuproqdan bir hovuch olib, uni "dam tuproq" deb dam solib, mayyitning oldiga tashlaganiga guvoh bo‘ldim. Bu qanday ish? Shariatimizda bu haqda nima deyilgan?
Vaalaykum assalom. Shariatimizda “dam tuproq” degan amal yo‘q. Mayyit qabrga qo‘yilib, ko‘milayotgan mahalda qilinadigan boshqa bir mustahab amal bor. Bu qabrning bosh tomonidan uch siqim tuproq olib, unga tashlashdir. Bu amal Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan.
Hanafiy fiqhining mo‘’tabar manbasi bo‘lmish “Raddul muhtor” kitobida bu haqda shunday deyiladi:
وَيُسْتَحَبُّ حَثْيُهُ مِنْ قِبَلِ رَأْسِهِ ثَلَاثًا، ( قَوْلُهُ: مِنْ قِبَلِ رَأْسِهِ ثَلَاثًا) لِمَا فِي ابْنِ مَاجَهْ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ «أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ - ﷺ - صَلَّى عَلَى جِنَازَةٍ ثُمَّ أَتَى الْقَبْرَ فَحَثَى عَلَيْهِ مِنْ قِبَلِ رَأْسِهِ ثَلَاثًا» شَرْحُ الْمُنْيَةِ. قَالَ فِي الْجَوْهَرَةِ: وَيَقُولُ فِي الْحَثْيَةِ الْأُولَى - ﴿مِنْهَا خَلَقْنَاكُمْ﴾ [طه: ٥٥]- وَفِي الثَّانِيَةِ - ﴿وَفِيهَا نُعِيدُكُمْ﴾ [طه: ٥٥]- وَفِي الثَّالِثَةِ - ﴿وَمِنْهَا نُخْرِجُكُمْ تَارَةً أُخْرَى﴾ [طه: ٥٥]-
Va uning (mayyitning) bosh tomonidan uch marta tuproq sochish mustahabdir. "Bosh tomonidan uch marta" degan so‘zlari Ibn Mojada Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadisga binoandir: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam janozaga namoz o‘qidilar, so‘ng qabrga kelib, uning bosh tomonidan uch hovuch tuproq tashladilar». ("Sharhul Munya"). "Javhara" kitobida aytiladi: Birinchi hovuch (tashlaganda) ﴿مِنْهَا خَلَقْنَاكُمْ﴾ (Sizlarni undan yaratdik) [Toha: 55] deydi. Ikkinchisida ﴿وَفِيهَا نُعِيدُكُمْ﴾ (unga qaytaramiz) [Toha: 55] deydi. Uchinchisida ﴿وَمِنْهَا نُخْرِجُكُمْ تَارَةً أُخْرَى﴾ (va yana bir bor undan chiqarib olamiz) [Toha: 55] deydi.
Ko‘rib turganingizdek, bu yerda gap tuproqqa "dam urish" haqida emas, balki tuproqni tashlash asnosida ushbu oyatlarni tilovat qilish haqida bormoqda. Bu mustahab amaldir. Vallohu a’lam.