DAM SOLISH

ID: 2357

04.09.2025

7939

Savol:

Assalomu alaykum ustoz. Alloh taolo sizlardan rozi bo‘lsin! Dam solish qanday bo‘ladi? Suvga dam solib ichsa bo‘ladimi? Boshqalarga dam solish mumkinmi?

Javob:

"Dam solish", ya’ni shar’iy ruqiya qilish, Qur’on oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan duolar bilan shifo so‘rashdir. Bu amalning joiz va hatto mustahab ekanligiga ulamolar ijmo qilishgan. Dam solishning asosiy sharti uning shirk, sehr va noaniq so‘zlardan xoli bo‘lishidir. Shifoni dam soluvchi yoki o‘qilgan narsa emas, balki faqat Alloh taolo berishiga qat’iy e’tiqod qilish lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham dam solganlar. Jumladan, "Ixlos", "Falaq", "Nos" suralarini o‘qib, qo‘llariga puflab, so‘ng badanlariga surtishlari sahih hadislarda kelgan. Shuningdek, "Fotiha" surasining ham dam solishda fazilatlari ko‘p tajribadan o‘tgan.

Suv kabi pok narsalarga Qur’on oyatlarini o‘qib, dam solib ichish yoki u bilan g‘usl qilish Hanafiy mazhabi ulamolari nazdida joizdir. Bu amal sahobalar va tobeinlardan ham rivoyat qilingan. Boshqalarga, xoh oila a’zosi, xoh begona bo‘lsin, shar’iy ruqiya qilib qo‘yish ham mumkin va bunda hech qanday monelik yo‘q. Aksincha, bu bir musulmonning boshqa musulmonga yordam berishining bir ko‘rinishidir.

Avf ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: «Modomiki shirk bo‘lmasa, dam solishning zarari yo‘q», deyilgan *(Imom Muslim rivoyati). *

Shunday ekan, ixlos bilan, Allohdan shifo so‘rash niyatida Qur’on va sunnatda kelgan duolar bilan o‘ziga ham, boshqalarga ham, suv kabi vositalarga ham dam solish mumkin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar