"AHLI TARTIB" QAYSI HOLATDA TARTIBGA RIOYA QILMASLIGI MUMKIN?

ID: 404

04.04.2025

75

Savol:

“Ahli tartib” kishi yana qaysi holatlarda tartibga rioya qilmasligi mumkin?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

“Ahli tartib” kishi yana ikki holatda tartibga rioya qilmasligiga ruxsat berilgan: 1.  Qazo namozni o‘qiyman desa, vaqt ziqligidan o‘z vaqtida o‘qiladigan namoz ham qazo bo‘lib qolishini ehtimoli bo‘lsa. Masalan, “ahli tartib” kishi uxlab qolib Peshinni qazo qildi, uyg‘onib qarasa, Asr namozini vaqti ham kam qolgan, ya’ni birinchi Peshinni qazosini o‘qisa Asr namozini o‘z vaqtida o‘qiy olmaydi. Mana shunday vaqt ziq bo‘lgan paytda tartibga rioya qilish soqit bo‘ladi  va o‘z vaqtida o‘qilayotgan namozni birinchi o‘qib, keyin qazo bo‘lgan namozni o‘qib qo‘yadi.

2.  Qazo qilgan namozini esidan chiqarib, vaqti kirgan namozni o‘qib qo‘ysa ham tartib soqit bo‘ladi. Misol uchun Bomdodni qazo qilib qo‘ygani esidan chiqib, Peshinni o‘z vaqtida o‘qib qo‘ysa, Peshindan so‘ng Bomdodning qazosini o‘qib qo‘yadi, Peshinni esa qaytarib o‘qimaydi. Ammo Bomdodni qazo qilgani yodida bo‘la turib, Peshinni o‘qigan bo‘lsa, bu Peshinni Bomdodning qazosini o‘qigandan so‘ng qaytarib o‘qib qo‘yadi. Chunki bunda tartibga amal qilish soqit bo‘lmagan hisoblanadi.

Bu haqida “Hidoya” kitobida bunday deyilgan:

ولو خاف فوت الوقت يقدم الوقتية ثم يقضيها، لأن الترتيب يسقط بضيق الوقت وكذا بالنسيان

ya’ni: “Agar kishi vaqti kirgan namozning qazo bo‘lib qolishidan qo‘rqsa, oldin vaqti kirgan namozni o‘qib, keyin qazo bo‘lgan namozni o‘qiydi. Chunki vaqt ziqligi sababli tartib soqit bo‘ladi. Shuningdek, zimmadagi qazo namoz esdan chiqishi bilan ham tartib soqit bo‘ladi”. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar