HAYZ YOKI NIFOS TO'XTAGACH QACHON ER-XOTINLIK MUNOSABATI JOIZ?

ID: 6023

09.01.2026

424

Savol:

Hayzi yoki nifosi to'xtagan ayol bilan jinsiy yaqinlik qilish qachon joiz bo'ladi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. Bu savolga faqihlar tomonidan quyidagicha javob berilgan: وحَلَّ وَطْءُ مَنِ قُطِعَ دَمُها لِأَكثَرِ الحَيضِ أَو النَّفَاسِ قَبْلَ الغُسْلِ، دُونَ مَنْ قُطِعَ دَمُها لأَقلَّ مِنه، إِلَّا إِذا مَضَى وَقت يَسَعُ الغُسْلَ والتَّحْرِيمَةَ. “Hayz yoki nifosning eng ko'pidan keyin qoni to'xtagan ayol bilan g'usldan oldin jinsiy yaqinlik qilish halol bo'ladi. Ammo hayz va nifosning ko'pidan oldin qoni to'xtagan ayol bilan qovushib bo'lmaydi. Magar, (namoz vaqtining oxirida) g'usl va takbiri tahrima sig'adigan miqdoricha vaqt o'tsagina u bilan qo'shilishi halol bo'ladi” (“Muxtasarul-viqoya” kitobi). Demak, bir ayolning hayzi o'n kundan keyin (ya'ni 240 soatda yoki undan keyin) to'xtasa, yoki nifosi qirq kundan keyin to'xtasa, u ayol bilan g'usldan oldin ham jinsiy aloqa qilish halol bo'ladi. Lekin hayzi o'n kundan avval yoki nifosi qirq kundan avval to'xtagan ayol bilan qon to'xtashi bilan darhol jimo' qilib bo'lmaydi. Balki yo g'usl qilganidan keyin yoki zimmasiga namoz qazo bo'lgandan keyingina yaqinlik qilish mumkin. Chunki shundagina u ayolni pok bo'lgan deb hukm qilinadi. Ayolning zimmasiga namozning qazosi qachon farz bo'ladi? Qachonki, ushbu namozni o'qish imkoni bo'laturib, o'qimagan bo'lsa farz bo'ladi. Buning uchun hayz tugagach, namoz vaqidan hech bo'lmaganda g'usl qilib, “Alloh” yoki “Allohu akbar” deyishga ulgura oladigan miqdor qolgan bo'lishi kerak. Shuncha vaqt yoki undan ko'proq muddat qolgan bo'laturib, ushbu ayol namozni o'qimagan bo'lsa, uning zimmasiga ushbu namozning qazosi vojib bo'ladi. Agar ayolning hayzi namoz vaqtining oxirida to'xtagan bo'lib, namoz chiqib ketishigacha bo'lgan muddat g'usl qilib, “Allohu akbar” deyishga ham etmaydigan darajada oz bo'lsa, ushbu namozni qazosini o'qish uning zimmasiga farz bo'lmaydi. Natijada, ushbu ayol to g'usl qilmaguncha yoki keyingi namoz zimmasiga qazo bo'lmaguncha, unga yaqinlik qilish joiz bo'lmaydi. Masalan, ayol g'usl qilib, artinib, kiyimlarini kiyib olishiga va “Allohu akbar” deyishiga taxminan 10 daqiqa vaqt ketadi, deylik. Tasavvur qilaylik, asr namozi soat 17:00 da kiradi. Ushbu ayolga peshin namozini o'qish farz bo'lishi uchun uning qoni hech bo'lmaganda 16:51 dan avval (masalan 13:00 da yoki 14:15 da yoki 16:40 da va hokazo) tugagan bo'lishi kerak. Shundagina unda g'usl qilib, peshinni o'qib olish imkoni bo'ladi. Agar uning qoni 16:55 da yoki 16:57 da tugagan bo'lsa, unda peshinni o'qib olish imkoni bo'lmaydi, shuning uchun namoz vaqti chiqib ketsa ham, uning zimmasiga peshinning qazosini o'qish lozim bo'lmaydi. “Muxatasarul viqoya”dagi “g'usl va takbiri tahrima sig'adigan miqdoricha vaqt o'tsagina u bilan qo'shilishi halol bo'ladi” deganda, mana shu ma'no nazarda tutilgan. Qachon bo'lsa ham shuncha muddat (ya'ni o'n daqiqa) o'tgan bo'lsa, yaqinlik qilish halol bo'laveradi, degan ma'no nazarda tutilmagan. Юqoridagi misolda ayolning qoni 16:00 da tugagan bo'lsa, 10 daqiqa o'tishi bilan g'usl qilmasa ham yaqinlik halol bo'lavermaydi. Balki qachon namoz qazo bo'lsa, shundagina yaqinlik halol bo'ladi. Chunki asosiy urg'u bu erda 10 daqiqa vaqtning o'tishi emas, balki namozning zimmaga qazo bo'lishidir. Albatta, bu erda namozni qazo qilish mumkin degan ma'no nazarda tutilmayapti, balki shu ish sodir bo'lib qolsa, hukmi qanday bo'lishi bayon qilinmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar