Rossiya davlatidaman. Rus cherkovini ta’mirlasak bo‘ladimi? Xristianlarning tom, eshik va hokazolarinichi? Alhamdulillah musulmonman.
Bismillahir rohmanir rohiym.
Alloh taolo Qur’oni karimda:
لَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَلَمْ يُخْرِجُوكُمْ مِنْ دِيَارِكُمْ أَنْ تَبَرُّوهُمْ وَتُقْسِطُوا إِلَيْهِمْ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُقْسِطِينَ
ya’ni: "Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar" (Mumtahina surasi, 8-oyat).
Ushbu oyati karimadan ma’lum bo‘ladiki, musulmonlarga dushmanchiligi bo‘lmagan va ularga aziyati yetmagan kofirlarga yaxshilik qilish va adolatli munosabatda bo‘lish joiz. Ulamolar kofirlarga yaxshilik qilish ularning kufriga yoki gunoh ishida yordam bo‘lmasligi sharti bilan joiz bo‘lishini aytib o‘tganlar. Masalan, nasroniylar uchun cherkov qurib berish, o‘zlarini dinlarini targ‘ib qilishlari uchun kitob va jurnallarini chiqarish va tarqatishda yordam berish joiz bo‘lmaydi. Chunki bunda kufrni rivojiga hissa qo‘shish bor. Musulmon kishi bunday ishlarni qilmasligi lozim. Balki, ularga yaxshilik qilishdan murod muhtoj bo‘lib qolganida insoniylik nuqtai nazardan xayriya qilish, shaxsiy manfaatlarini qondirishda yordam berish tushunilishi lozim. Bunda musulmon kishi ajr olishi umid qilinadi. Shuningdek, kofirlarning jamiyat uchun manfaatli bo‘lgan, ortidan musulmonlarga zarar yetmaydigan g‘oyalarida ham ko‘maklashish mumkin. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda:
وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ...
ya’ni: “...Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir”, deya marhamat qilgan (Moida surasi, 2-oyat).
Demak, siz cherkov qurilishi va ta’miridan qochishingiz, lekin uylarining eshik-rom, tom va hokazolarini qilib berish kabi ishlarida qatnashishingiz mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.