IMOM ERTA SALOM BERIB QOLSA, IQTIDO QILGAN KISHI NIMA QILADI?

ID: 39

04.04.2025

175

Savol:

Men jamoat namoziga borishni endi boshladim. Men namozni sekin o‘qiyman. Gap shundaki, ko‘pincha men salovatni o‘qiyotganimda imom ikki tarafga salom berayotgan bo‘ladi. Shu holada men salovatni tugatib, keyin duo o‘qib so‘ng salom berishim kerakmi yoki imom bilan barobar salom berishim kerakmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Siz bu holatda imom bilan birgalikda salom berasiz. Zero salovat o‘qish sunnat, imomga ergashish esa vojib amal sanaladi. Vojib amal sunnat amaldan yuqori bo‘lgani sababli siz vojib bo‘lgan amalni bajarasiz. Agar tashahhud ("At-tahiyyot...") duosini o‘qiyotganingizda imom salom berib qolsa, siz tashahhud duosini tugatib, keyin salom berasiz. Chunki tashahhud duosini o‘qish vojib amal hisoblanadi. Bu haqida fiqhiy kitoblarimizda shunday deyiladi: 

 وإذا سلم الإمام والمقتدي ما زال بالصلوات الإبراهيمية يتابع المقتدي الإمام بالتسليم لأن الصلاة على النبي صلى الله عليه و سلم في آخر الصلاة سنة

“Imomga iqtido qilgan kishi salovatni o‘qiyotgan vaqtida imom salom bersa, u ham imomga ergashib salom beradi. Chunki namozning oxirida salovat aytish sunnatdir” (“Fiqhul ibodat” kitobi). Alloma ibn Obidin rahimahulloh shunday deydilar: 

متابعة الإمام في الفرائض والواجبات من غير تأخير واجبة، فإن عارضها واجب لا ينبغي أن يفوته بل يأتي به ثم يتابع، كما لو قام الإمام قبل أن يتم المقتدي التشهد فإنه يتمه ثم يقوم بخلاف ما إذا عارضها سنة كما لو رفع الإمام قبل تسبيح المقتدي ثلاثا فالأصح أنه يتابعه لأن ترك السنة أولى من تأخير الواجب

“Farz va vojib amallarda kechiktirmasdan imomga ergashish vojib sanaladi. Ammo imomga ergashish bilan boshqa vojib amal teng kelib qolsa, “imomga ergashish kerak” deb vojibni tark qilmaydi, balki avval vojibni bajarib, keyin imomga ergashadi. Masalan, imomga iqtido qilgan kishi tashahhudni tugatishdan avval imom uchinchi rakatga tursa, iqtido qilgan kishi avval tashahhudni tugatib, keyin o‘rnidan turib, imomga ergashadi (Chunki ikkisi ham vojib bo‘lib, birini bajaraman deb boshqasini tark qilmaydi).

Agar imomga ergashish bilan sunnat amal teng kelib qolsa, yuqoridagidek qilmaydi. Masalan, (sajda yoki rukuda) imomga iqtido qilgan kishi tasbihni uch marta aytishidan avval imom boshini ko‘tarsa - fuqaholarimiz eng to‘g‘risi deya aytgan gapga ko‘ra - imomga ergashadi. Chunki sunnatni tark qilish vojibni kechiktirishdan ko‘ra ustundir” (“Raddul muhtor” kitobi).

Xulosa qilib aytganda, siz salavot yoki undan keyinggi duolarni o‘qiyotgan paytingizda imom salom berib yuborsa, siz imomga ergashib, salom berasiz. Bu o‘rinda salavot yoki duolarni oxiriga yetkazmaysiz. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar