"CHORSHANBA KUNI ISH BOSHLASANG YAXSHI BO‘LADI"MI?

ID: 201

04.04.2025

96

Savol:

Men ustachilik qilaman. Bir kishidan eshitib qoldim. Seshanba kuni yangi ish boshlama, ziyon ko‘rasan, ishing yurishmaydi. Chorshanba kuni ish boshlasang yaxshi, bo‘ladi” deb kitobda o‘qiganman dedi. Shu to‘g‘rimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Seshanba kuni yoki haftaning boshqa biror kunida ish boshlasa ziyon ko‘rishi haqida biror hadis yoki asarda ma’lumot uchratmadik. Balki, dinimizda hafta kunlari va oylar bilan shumlanishdan qaytarilgan. Ba’zi olimlar ahamiyatli ishlarni chorshanba kunida boshlashni tavsiya qilib, bunga:

ما بديء بشيء يوم الأربعاء إلا تم

ya’ni: “Qaysi bir ish chorsharba kuni boshlansa albatta mukammal bo‘ladi”, - mazmunidagi hadisni dalil qilib keltirganlar. Lekin muhaddis ulamolar, ushbu rivoyat to‘qima ekanini ta’kidlashgan (Manba: "Mavzuotu Mulla Ali Qori", "Al-Maqosidul hasana", "Asnal matolib" va boshqa kitoblar).

Shuningdek, Abul Hasan Ali ibn Muhammad Al-Kinoniy o‘zlarining "Tanzihush sharia" nomli kitoblarida mazkur rivoyat to‘qima ekanini aytib o‘tgandan keyin: "Sahih hadislarda Alloh taolo nurni chorshanba kuni yaratgani rivoyat qilingan. Ilm ham nurdir. Agar ilm nur yaratilgan kun — chorshanba kunida boshlansa, Alloh Qur’oni karimda aytib o‘tganidek, o‘z nurini (jumladan ilm tahsilini ham) itmomiga — nihoyasiga yetkazadi, deb yaxshi gumon qilish mumkin", — deydilar. Bu bilan ilm tahsilini chorshanba kunida boshlash xayrli ekani kelib chiqadi.

Xulosa qilib aytganda, chorshanbadan boshqa kunda ish boshlagan kishi albatta ziyon ko‘radi, degan e’tiqodda bo‘lish noto‘g‘ri. Shariatga muvofiq har qanday ishni xohlagan kunda boshlash joiz. Xaftaning ma’lum bir kunini kutish shart emas. Musulmon inson ishi rivoj topishini istasa buning sabablarini ushlashi, halol mehnat qilishi, aldovdan va birovning haqqidan hazar qilishi va Alloh taolodan ishining barakotini so‘rashi lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar