Hadisda chayon va ilonni namozda bo‘lsa ham o‘ldirish haqida kelgan ekan. Mening savolim shuki bu bilan namoz buzilmaydimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
To‘g‘ri, ushbu hadis Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan bo‘lib, uni Imom Abdurrazzoq o‘z “Musannaf”larida keltirganlar. Hadisning matni quyidagicha:
قال رسول الله صلي الله عليه و سلم: اقتلوا العقرب و الحية علي كل حال
“Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Chayon va ilonni har qanday holda ham o‘ldiringlar”. Nabiy sallallohu alayhi vasallam bu hadisda har qanday holda, ya’ni, namozdami yo namozdan tashqaridami, ehrom kiygan holdami yo ehromdan tashqaridami, Haram hududidami yoki Haramdan tashqarida bo‘ladimi chayon va ilonni o‘ldirishga buyurganlar. (“Hayvonlarning huquq va odoblari” kitobi, 155 bet) Mazkur hadisni Mulla Ali qori rahimahulloh “Mirqotul mafotiyh” nomli kitoblarida sharhlaganlar. Xulosasi shunday: “Bir ikki zarba bilan o‘ldirsa namoz buzilmaydi. Ammo undan ko‘p bo‘lsa, amali kasir bo‘lganligi uchun namoz buziladi”, eng to‘g‘ri gap shu” ("Namozda joiz bo‘lmagan amallar" bobi) Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.