CHAQALOQNI TUG‘RUQXONADAN OLIB CHIQISH

ID: 402

04.04.2025

35

Savol:

Hozirgi kunda chaqaloqni tug‘ruqxonadan olib chiqish uchun katta dabdabalar qilish urfga kirmoqda. Onani kelin ko‘ylaklar bilan kiyintirib, bezantirib, olib chiqishmoqda. Dinimizda bu holatlar qanday baholanadi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Umr insonga berilgan eng katta ne’mat. Umrini qadriga yetgan kishilar o‘zidan yaxshi nom, odamlarga foydasi tegadigan ishlar qoldiradi. Hayotda mayda chuyda ishlarga o‘ralashib yuradigan, umrini befoyda ishlar va sarf-xarajatlar bilan o‘tkazadiganlar tuproqqa qo‘yilishi bilan unutilishga mahkum bo‘ladi. Zero Alloh taolo Qur’oni karimda: "Yenglar, ichinglar, isrof qilmanglar. Albatta, Alloh taolo isrof qiluvchilarni sevmaydi", deb buyuradi (A’rof surasi 31-oyat). Isro surasi 27-oyatida isrof qiluvchilar shaytonning birodarlari ekani haqida ogohlantiriladi. Isrof — haddan oshish, vaqtni, mablag‘ni loyiq bo‘lmagan o‘ringa yoki gunoh ishlarga sarflashdir. Isrof — haromdir. Haromga esa oxiratda azob bordir.

To‘g‘ri farzand dunyoga kelishi katta xursandchilik, lekin chaqaloqni tug‘uruqxonadan olib chiqishni katta dabdaba qilib, qator-qator mashinalarni yollash, tuqqan onani kelin ko‘ylaklar bilan kiyintirish, ortiqcha xarajat va isrofdir.

Yosh onani turli ko‘z va suqlarga ro‘para qilgandan ko‘ra, ma’qul bir suratda uyga olib kelib, aqiqa qilib, odamlarga taom yedirib duosini olish sunnatga muvofiq bo‘ladi. O‘sha dabdabalarga ketayotgan mablag‘ni bir beva bechoraga yoki biror muhtoj talabaga berilsa, ularning xursandchiligiga sabab bo‘ladi. Ularning chin dildan qilgan duolari sabab o‘zi va farzandi uchun baraka hosil bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar