CHAQALOQLARNI BIR YOSHGA TO‘LGUNCHA SOCHINI OLDIRMASLIK

ID: 693

04.04.2025

19

Savol:

Bizda bir odat bor, chaqaloqning yoshi bir yoshga to‘lmaguncha sochini oldirishmaydi. Bir yoshdan keyin sochi olinadi. Bu odatga dinimiz nima deydi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Tug‘ilgan bola o‘g‘il yoki qiz ekanidan qat’iy nazar yetti kunlik bo‘lganda sochini oldirish va sochining vazni miqdorida kumush (yoki uning qiymatini) sadaqa qilish Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘rgatgan sunnatlardan va islom shiorlaridan hisoblanadi.

Abu Amr ibn Abdulbarr rahimahulloh: “Aqiqa vaqtida bolaning sochini olishni ulamolar mustahab sanaganlar,” deb aytgan.

Samura raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar: “Har bir bola aqiqasi bilan garovlangandir. Yettinchi kunida uning nomidan jonliq so‘yiladi. O‘sha kunda ism qo‘yiladi va sochi olinadi.” (Imom Ahmad, Termiziy, Nasoiy va Abu Dovudlar rivoyati)

Shunga ko‘ra bir yilgacha chaqaloqning sochini olmaslik Payg‘ambarimiz alayhissalomning sunnatlariga muvofiq emas. Shar’iy qoidaga ko‘ra, agar urf-odatlar shar’iat ko‘rsatmalariga xilof bo‘lsa, uni tark qilinadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar