CHAP QO‘LDA TASBIH O‘GIRISH MUMKINMI?

ID: 894

04.04.2025

25

Savol:

Chap qo‘lda tasbeh o‘girish joizmi, masalan, avtoulov haydaganda o‘ng qo‘l band bo‘lgan holatlarda?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Chap qo‘lda tasbeh aytish joiz. Zero chap qo‘l o‘ng qo‘lga yordamchi hisoblanadi. Ulamolarimiz takidlashicha tasbeh aytishga buyruq sifatida kelgan oyat va hadislar mutlaq kelgan, o‘ng qo‘lda tasbeh aytish bilan qaydlanmagan. Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

رَأَيْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وآله وَسَلَّمَ يَعْقِدُ التَّسْبِيحَ

ya’ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam barmoqlari bilan tasbeh sanayotganlarini ko‘rdim” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziylar rivoyatlari).

Zikrlarni sanashda aynan barmoqlardan foydalanishning sababi, Qiyomat kunida guvohlik beruvchi a’zolar qatorida barmoqlar ham borligidir. Bu haqda Yusayra raziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom ayollarga xitob qilib shunday deganlar:

عَلَيْكُنَّ بِالتَّسْبِيحِ وَالتَّهْلِيلِ وَالتَّقْدِيسِ، وَاعْقِدْنَ بِالأَنَامِلِ فَإِنَّهُنَّ مَسْئُولَاتٌ مُسْتَنْطَقَاتٌ، وَلَا تَغْفُلْنَ فَتَنْسَيْنَ الرَّحْمَةَ (رواه الامام ابو داود عن يسيرة رضي الله عنها)

ya’ni: “(Ey, ayollar!) Tasbeh (Subhaanalloh), tahlil (La ilaha illalloh) va taqdis (Subhanal malikil quddus) aytishni o‘zlaringizga lozim tutinglar! Va barmoq uchlari bilan aqd qilinglar (sananglar)!. Chunki (qiyomatda) barmoq uchlari mas’ul va so‘zlovchidir. G‘aflatda qolib rahmat (sabablari)ni tark qilmanglar!” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari). 

Ushbu hadisda “barmoq uchlari” so‘zi o‘ng qo‘l bilan qaydlanmadi, balki umumiy keltirildi. Shunga ko‘ra zarurat bo‘lgan holatlarda chap qo‘lda tasbeh aytishning zarari yo‘q. Ammo o‘ng qo‘lda aytish mustahab hisoblanadi. Chunki Oisha onamizdan quyidagicha hadis vorid bo‘lgan:

كَانَ رَسُولُ اللّهِ - صلى الله عليه وسلم - يُحِبُّ التَّيَمُّنَ فِي شَأْنِهِ كُلِّهِ. فِي نَعْلَيْهِ، وَتَرَجُّلِهِ، وَطُهُورِهِ.

ya’ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam barcha ishlarida tahoratda, soch tarashda, kovush kiyish (kabilar)da imkon qadar o‘ngdan boshlashni yoqtirar edilar” (Muttafaqun alayh). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar