Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam oyoqni bir-birini ustiga chiqarib yotishdan qaytarganlarmi? Bu jahannamiylarni yotishimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Bu borada ikki xil o‘zaro qarama-qarshi mazmundagi hadis rivoyat qilingan. Ularning har ikkisi ham sahih hadis bo‘lib, ularni qaysi biriga amal qilishda ulamolarimizning xulosalariga ehtiyojimiz bor. Imom Buxoriy va Imom Muslim Abbod ibn Tamimdan u esa Amakisidan rivoyat qilgan hadisda:
أَنَّهُ رَأَى رَسُولَ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم مُسْتَلْقِيًا فِي الْمَسْجِدِ، وَاضِعًا إِحْدَى رِجْلَيْهِ عَلَى الْأُخْرَى
“U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni masjidda, oyoqlaridan birini ikkinchisiga qo‘yib, chalqancha yotganlarini ko‘rdi” — deyilgan.
Lekin Imom Muslimning sahihlarida kishi chalqancha yotib, oyoqlaridan birini ikkinchisiga ko‘tarib olishdan qaytarilgani haqida hadis sobit bo‘lgan:
أنَّ النبيَّ صلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ قالَ: لا يَستلقِينَّ أحدُكُمْ ثمَّ يَضَعُ إحْدَى رِجلَيهِ على الأُخرى
ya’ni: Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Sizlardan biringiz hargiz bir oyog‘ini ikkinchisini ostiga qo‘yib, chalqancha yotmasin”, deganlar.
Imom Navaviy rahimahulloh mazkur hadis sharhida, ulamolar oyoqlarni chalkashtirib chalqancha yotishdan qaytarilgan hadislar avrat ochilib qolish holatlariga yo‘yiladi, deganlarini aytganlar. Ammo Payg‘ambarimiz alayhissalom yotgan holatda unday bo‘lmagan. Ya’ni avrat ochilish holati bo‘lmagan. Agar avratlar ochilib qolmasa, buning zarari yo‘q, joiz bo‘ladi, deganlar. Hofiz ibn Hajar rahimahulloh ham Xattobiyning ikki xil taxminini keltirib o‘tgan. Uning birida chalqancha yotishdan qaytarish ma’nosidagi hadis mansux bo‘lgan, deyilgan. Yana birida esa mazkur hadis avrat ochilib qolish holatlariga taalluqli, deyilgan. Ibn Hajar rohimahulloh, shu ikkinchi vajh to‘g‘riroq, deydilar.
Shunga ko‘ra chalqancha yotib, oyoqlarni chalkashtirib olish agar avrat ochilib qolishiga sabab bo‘lmasa, joiz ish hisoblanadi. Bu jahannamiylarni yotishi emas. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.