HIJRAT QILISH FARZMI?

ID: 940

04.04.2025

119

Savol:

Ayrimlar: “Hijrat hozir ham farz", "Kimki hijrat qilmasa, qattiq gunohkor bo‘ladi", hatto "Hijrat qilmaganlar kofirdir”, degan da’volar bilan chiqishmoqda. Ular bu bilan o‘zlarining yonlariga chaqirmoqdalar. Bunga shar’iy jihatdan qanday javob beriladi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Hozirgi kunda yurtimizdan “hijrat” qilish farz ham emas, vojib ham emas. Shuningdek, “hijrat” qilmagan kishi gunohkor yoki kofir ham bo‘lmaydi. Chunki, yurtimizda din ahkomlari va shiorlarini ado qilib turilibdi. Shu sababli yurtimiz Islom diyori sanaladi va Makka fathidan keyin Islom diyorlaridan hijrat qilish yo‘q. Nafaqat bizning yurtimiz, g‘ayridin yurtlarida ham musulmonlar ibodatlarini ado etishlariga imkon bo‘lsa, unday yurtlardan ham hijrat qilish vojib bo‘lmaydi. Aslida hijrat kishi o‘z dini va jonini saqlash uchun ko‘chishdir. Yurtimiz kabi Islom diyorlarini tashlab, fitna o‘choqlariga borish dinini ham, jonini ham xavfga qo‘yishdir va bu hijratning mohiyatiga mutlaqo ziddir.

Tarixdan ma’lumki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam barcha sahobalari bilan birga Makka shahridan ko‘chib ketishlari, ya’ni hijrat qilishlari farz qilingan edi. Shundan so‘ng qariyb sakkiz yil davomida musulmonlar Madinada yashadilar va nihoyat ona yurtlari Makka shahrini fath qildilar. Makka fath qilingandan so‘ng hijrat hukmi bekor qilindi. Chunki, Makkada din arkonlariga amal qilish uchun hamma imkoniyatlar paydo bo‘lgan, u Islom diyoriga aylangan edi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

لا هجرة بعد الفتح

ya’ni: “Makka fathidan keyin hijrat yo‘q!”, deganlar. 

Hozirda hijrat farz, deb jar solayotganlar “Sahihi Buxoriy”ning o‘ndan ortiq joyida keltirilgan: لا هجرة بعد الفتح – “Makka fathidan keyin hijrat yo‘q!”, degan mazmundagi hadis haqida lom-mim demaydilar. Holbuki, bu hadis mansux bo‘lmagan, hukmi bekor qilinmagan, balki uning o‘zi hijrat hukmini bekor qiluvchidir. Uning iboralari va mazmuni juda aniq va sahih hadisdir!

Tobe’inlardan biri Mujohid rahimahulloh taniqli sahoba Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhuga: “Men Shomga hijrat qilmoqchiman!”, deganlar. Ibn Umar raziyallohu anhu unga: Bugun hijrat yo‘q! Ortingga qayt!”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Hazrati Ali raziyallohu anhu xalifaligi davrida zalolatga ketgan toifalardan biri - xavorijlar firqasi paydo bo‘ldi va Basradan chiqib ketib, o‘zlariga alohida joy qilib, o‘sha yerga o‘rnashdi. Odamlarni “Hijrat farz. Biz bilan hijrat qilinglar!”, deb hijratga da’vat qila boshladi. Odamlar buyuk sahoba Anas ibn Molik raziyallohu anhuning oldiga kelib, ular o‘zlarini muhojirlar deyishayotganini aytishgan. Shunda, Anas ibn Molik raziyallohu anhu: “Ular shaytonga hijrat qilganlar. Axir, Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Makka fathidan keyin hijrat yo‘q!”, deganlar-ku!”, deganlar (Imom Abdurrazzoq rivoyatlari).

Eng qizig‘i yurtimizni tashlab hijrat qilib boradigan joylari qayer ekan!? Bir guruh bog‘iy (davlat rahbariga qarshi chiqqan)lar o‘rnashib olgan joymi? U yerni shariat tilida “Bog‘iylar diyori” deyiladi. Qaytanga fitnadan qochish ma’nosida u joylardan boshqa yurtlarga hijrat qilish kerak bo‘ladiku!?

Gohida o‘sha fitna o‘choqlariga ketish uchun ota-onani aldash mumkin degan botil “fatvo”larni e’lon qilmoqdalar. Dinimizda esa, ota-onani roziligi va ularni xursand qilish “hijrat” qilishdan ustun turadi. Bu haqida hadisi sharifda shunday kelgan:

عن عبد الله بن عمرو رضي الله تعالى عنه قال: أنَّ رجلًا أتى النبيَّ صلَّى اللهُ عليهِ وسلَّمَ، فقال: إني جئتُ أبايعك على الهجرةِ، ولقد تركت أبويَّ يبكيانِ! قال: "ارجعْ إليهما فأضحكْهما كما أبكيتَهما" (رواه الإمام النسائي)

ya’ni: “Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy sallallohu alahi vasallamning huzurlariga bir kishi kelib: “(Yo Rasululloh) Men ota-onamni yig‘lagan holida tashlab, hijrat qilish uchun Sizning huzuringizga keldim”, deganda, U Zot : “Ota-onangning oldiga qaytib, ularni qanday yig‘latgan bo‘lsang, shunday kuldirgin”, deb javob berganlar (Imom Nasoiy rivoyatlari).

Demak, hozirgi kunda musulmon kishi ibodatlarini emin-erkin bajarib turgan yurtdan boshqa joyga hijrat qilishi farz ham, vojib ham, hatto mustahab ham emas. Bunday botil da’volarni qilganlarning so‘zlari e’tiborsizdir. Tavfiq Allohdan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar