NAMOZDA QIBLAGA YUZLANISHNI NIYAT QILISH

ID: 917

04.04.2025

29

Savol:

Uyda o‘qiydigan nomozlarimda “…yuzimni qiblaga qaratgan holatda xolis alloh uchun” deb niyat qilaman. Masjidda ham shunday deyishim kerakmi? Masalan asr yoki shom namozi uchun?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Ma’lumki, qiblaga yuzlanish namozning shartlaridan biridir. Bunga barcha ulamolar ijmo qilishgan. Lekin namozda qiblaga yuzlanishni niyat qilish shart yoki shart emasligi borasida hanafiy mazhabi fuqaholarimizda ikki xil gap bor: Abulkarim Jurjoniy "Kishi namozda qiblaga yuzlanganini niyat qilishi shart", – degan bo‘lsalar, Imom Saraxsiy, Alloma ibn Nujaym, Alloma Shayxizoda, Alloma Haskafiy hamda Ibn Obidiyn kabi muhaqqiq ulamolar shart emas, degan fikrni qat’iy aytganlar (manba: “Bahrur roiq” (3/324), “Majma’ul anhur” (1/125), “Raddul muhtor” kitoblari (3/89)).

Mulla Xisrav o‘zining “Durarul hukkam” nomli asarida Alloma Faxriddin Qoziyxondan quyidagicha naql qilib keltirgan:

قَالَ قَاضِي خَانْ أَمَّا اشْتِرَاطُ نِيَّةِ اسْتِقْبَالِ الْقِبْلَةِ اخْتَلَفُوا فِيهِ قَالَ بَعْضُهُمْ إنْ كَانَ يُصَلِّي إلَى الْمِحْرَابِ لَا يُشْتَرَطُ وَإِنْ كَانَ يُصَلِّي فِي الصَّحْرَاءِ يُشْتَرَطُ

ya’ni: “Qozixon aytadilar: “(Namozda) Qiblaga yuzlanishni niyat qilish shartligi borasida ulamolar turlicha gap aytdilar: ba’zilari mehrobga qarab namoz o‘qiganda shart bo‘lmaydi, deyishdi. Ba’zilar esa sahroda namoz o‘qiganda shart deyishdi” (“Durarul hukkam sharh g‘urarul ahkam” kitobi (1/275)).

Shunga ko‘ra Siz namozni masjidda imomga iqtido qilib o‘qigan paytingizda qiblaga qarab namoz o‘qishni niyat qilishingiz va “...yuzimni qiblaga qaratgan holatimda...”, – deyishingiz shart emas. Balki buning o‘rniga imomga iqtido qilishni niyat qilishingiz lozim bo‘ladi. Masalan: “Asr namozining farzini shu imomga iqtido qilgan holda, xolis Alloh uchun o‘qishni niyat qildim”, – deysiz. Chunki, imomga iqtido qiluvchi kishi ushbu namozida hozir bo‘lgan imomga ergashayotganini niyat qilishi shart bo‘ladi. Bu haqida ulamolarimiz shunday deyishgan:

اتفق الفقهاء علي ان نية المؤتم الاقتداء بالامام شرط لصحة الاقتداء (الموسوعة الفقهية 6ج 20ص)

ya’ni: “Fuqaholar shunga ittifoq qilganlarki, imomga ergashish to‘g‘ri bo‘lishi uchun imomga ergashuvchi imomga iqtido qilishni niyat qilishi shartdir” (“Kuvayt fiqh entsiklopediyasi” (6/20)). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar