Biz qishloqda yashaymiz. Bug‘doy olishga oldindan pul berib qo‘yamiz. Bu bizga bug‘doy pishgan vaqtdagidan arzonga tushadi. Ammo ba’zan bug‘doy ekkan odamning bug‘doyi yaxshi bo‘lmay, o‘rniga somon yoki yer beraman deydi. SHunday holatlarda bug‘doy o‘rniga somon yoki yer olsa bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim. Muayyan o‘lchovdagi hosil uchun oldindan pul berib, pishgan vaqtda mahsulotni olishlikka kelishuv salam savdosi deyiladi. Ushbu savdoning bir qancha shartlari bor. (https://t.me/diniysavollar/398).
Kelishilgan vaqt kelganda va’da qilingan bug‘doyni bera olmagani uchun savolda aytilgani kabi kelishuv qilish joiz emas. Fuqaholar dehqon kelishilgan bug‘doyni bera olmasa, bozordan kelishilgan sifatdagi bug‘doyni olib beradi, deyishgan. Aynan o‘zi ekkan bug‘doy bo‘lishi shart qilinmagan. SHuning uchun ham fiqhiy kitoblarimizda salam savdosidagi mahsulot ikki tomon kelishayotgan va topshirilayotgan vaqtda bozorlarda mavjud bo‘lishi shart deyiladi. Agar dehqon bozordan ham topib bera olmasa, buyurtmachi bug‘doy topilishini kutadi yoki bergan pulini qaytib oladi. Boshqa mahsulot yoki kelishilgan mahsulotning o‘sha kundagi qiymatini olmaydi. Masalan, buyurtmachi dehqon bilan kilosi 1000 so‘mdan bir tonna bug‘doyga kelishib, bir million so‘m pul berdi. Muddat kelgan vaqtda ikkinchi tomon kelishilgan bug‘doyni topib bera olmadi. SHu vaziyatda uning o‘rniga yer yoki somon bera olmagani kabi bug‘doyning shu kundagi bozor narxida pul ham ololmaydi, ya’ni, 1200 so‘m bozorda bo‘lsa, bir million ikki yuz ming so‘m olishi to‘g‘ri kelmaydi. Bu borada fiqhiy kitoblarimizda mana bunday deyilgan:
وَلَوْ انْقَطَعَ بَعْدَ الْمَحِلِّ فَرَبُّ السَّلَمِ بِالْخِيَارِ ، إنْ شَاءَ فَسَخَ السَّلَمَ ، وَإِنْ شَاءَ انْتَظَرَ وُجُودَهُ
“Mahsulotni topshirish muddati kelgan vaqtda mahsulot topilmay qolsa, mablag‘ egasi, ixtiyorli bo‘ladi. Xohlasa, salam bitimini bekor qiladi (ya’ni bergan mablag‘ini qaytib oladi). Xohlasa, mahsulot topilishini kutib turadi” (“Hidoya” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.