BU QASAMNI KAFFORATI QANDAY BO‘LADI?

ID: 249

04.04.2025

56

Savol:

Instagramda begona erkak bilan prosto yozishdim. Erim shubhalanib qasam ichishga majbur qildi. Men yozishmaganman deb, yolg‘on qasam ichdim, aldadim. Shu xatoni qanday yuvsam bo‘ladi, bu qasamni kafforoti qanday bo‘ladi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Siz ichgan qasam yolg‘on qasam deyiladi. Uning gunohini qayta qilmaslik sharti bilan, faqat chin tavba yuvishi mumkin. Kaffarot uni yuva olmaydi. 

Qasamlar uch xil bo‘ladi:

الأيمان على ثلاثة أضربٍ: يمينٌ غموسٌ، ويمينٌ منعقدةٌ، ويمينٌ لغوٌ فاليمين الغموس هي: الحلف على أمرٍ ماضٍ، يتعمد الكذب فيه؛ فهذه اليمين يأثم بها صاحبها، ولا كفارة فيها إلا الاستغفار واليمين المنعقدة: هي الحلف على الأمر المستقبل أن يفعله، أو لا يفعله، فإذا حنث في ذلك لزمته الكفارة واليمين اللغو: أن يحلف على أمرٍ ماضٍ، وهو يظن أنه كما قال، والأمر بخلافه، فهذه نرجو أن لا يؤاخذ اللّه بها صاحبها

  1. Yolg‘on qasam Aldashni qasd qilib, o‘tgan ishga qasam ichish. Bunda qasam ichgan kishi gunohkor bo‘ladi. Uning kaffaroti faqat istig‘fordir.

  2. Bog‘lanuvchi qasam Kelgusi biror ishni bajarish yoki bajarmaslikka qasam ichish. Bu qasamni buzsa, unga kaffarot lozim bo‘ladi. 

  3. Bekor qasam O‘tgan ishni to‘g‘ri deb o‘ylab qasam ichish, lekin ish u aytganiga teskari bo‘ladi. Bunday qasam ichgan kishini Alloh taolo azob bilan tutmaydi deb umid qilamiz ("Muxtasarul Quduriy" kitobi).

Mana shu matnning sharhida shunday deyiladi:

(Yolg‘on qasam) - uni "fojira" qasam ham deyiladi. (U aldashni qasd qilib, o‘tgan ishga qasam ichishdir) - masalan, bilib turib, qilgan ishini qilmadim deb qasam ichish yoki buning aksi: qilmagan ishini qildim, deb qasam ichish. Gohida yolg‘on qasam hozirgi zamon uchun ham voqe’ bo‘ladi, masalan, "bu odamdan mening qarzim yo‘q", deb yolg‘on qasam ichadi...  (Bunda qasam ichgan kishi gunohkor bo‘ladi) -  Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom: "Kim bilib turib yolg‘on qasam ichsa, Alloh uni do‘zaxga kiritadi", deganlar. (Uning kaffaroti faqat istig‘fordir) - tavba ham qiladi. Chunki u haqiqiy qasam emas. To‘g‘ri qasam shar’iy aqd (bitim) hisoblanadi, yolg‘on qasam esa gunohi kabira bo‘lib shar’iy ish emas... "Muhit" kitobida: "Yolg‘on qasam ichgan gunohkor bo‘ladi. Uning gunohini faqat chin tavba va istig‘for ko‘taradi. Uning gunohi kaffarot bilan yuvishdan ko‘ra ulkanroqdir", deyilgan ("Al-Lubob" kitobi).

Masalaning yana bir muhim jihati: nomahramlar bilan "Prosto gaplashish", degan gap ketmaydi, chunki zinoga birinchi qadam "prosto gaplashishdan"dan boshlanadi. Muslima ayol hayoli, eriga vafodor, xilvatda ham begonalar bilan gaplashmaydigan, Alloh taolo ko‘rib turganini his qilib, gunoh ishlardan tiyiluvchi bo‘ladi. Aks holda hayosi, obro‘-e’tibori va oilasini barbod qiladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar