HUNUK ISHLARNI AYTIB BERSA G'IYBATMI?

ID: 4139

12.11.2025

52

Savol:

Assalomu alaykum. Biz bilamizki, g'iybat katta gunoh. Misol qilib aytsam, men dugonamga qaynisinglimning menga qilgan hunuk ishlari va aytgan gaplarini gapirib berib, bundan dilim og'riganini aytsam ham g'iybat qilgan bo'lamanmi? Albatta, qasddan g'iybat qilish uchun emas, dilni bo'shatish va og'rig'imni aytish uchun qilgandim. Bunday holatlar ayollar orasida ko'p uchraydi. Javob uchun rahmat.

Javob:

Vaalaykum assalom. Ha, bir kishining ortidan unga yoqmaydigan, garchi rost bo'lsa-da, gapni aytish g'iybat hisoblanadi. Imom Abu Dovud Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytiladi: «Ey Allohning Rasuli, g'iybat nima?» – deb so'rashdi. Rasuli Akram alayhissolatu vassalom: «Birodaringni o'ziga yoqmagan narsa bilan eslashing», – dedilar. Shunda: «Birodarimda men aytgan narsa bo'lsa-chi, bunga nima deysiz?» – deyishdi. Payg'ambarimiz alayhissalom: «Agar aytganing unda bo'lsa, g'iybat qilgan bo'lasan, ammo bo'lmasa, bo'hton qilgan bo'lasan», – deb javob qildilar. Shariatda faqat zulmga uchragan kishi haqqini olish uchun qoziga yoki shar'iy echim so'rash uchun ahli ilmga aytish kabi zaruratlar uchungina gapirishga ruxsat berilgan. Do'stga shunchaki dard bilan bo'lishish uchun aytish bu uzrli holatlarga kirmaydi. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar