BOY BOLANING QURBONLIK QILISHI VOJIB BO‘LADIMI?

ID: 471

04.04.2025

10

Savol:

Yosh bolani nisobga yetadigan moli bo‘lsa, unga qurbonlik qilish vojib bo‘ladimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Hanafiy mazhabimizga doir mo‘’tabar manba’larda yosh bola boy bo‘lsa, uning molidan qurbonlik qilish vojib bo‘lish yoki bo‘lmasligi haqida ulamolarning ikki xil fikri mashhur:

Birinchi fikr: Voyaga yetmagan, boy bo‘lsa, uning otasi yoki uni o‘rnini bosuvchi kishi (bobosi yoki vasiysi) bolaning molidan qurbonlikni ado qiladi. Bu haqida “Muxtasarul viqoya” kitobida shunday deyilgan:

وَيُضَحِّي الأَبُ أوْ الوَصِيُّ مِنْ مَالِ طِفْلٍ غَنِيٍ فَيَأْكُلُ الطِفْل مِنْهُ وَمَا يَبْقَى يُبْدَلُ بِمَا يُنْتَفَعُ بِعَيْنِهِ

“Boy bolaning molidan otasi yoki vasiyi qurbonlik qiladi. Bola undan yesa bo‘ladi. Qolganini o‘zidan foydalanadigan narsaga almashtiriladi”.

Ushbu gapga ko‘ra, qurbonlikda asosan mol nisobga yetgani inobatga olinib, unda mol egasi balog‘atga yetgan bo‘lishi shart qilinmagan. Shuning uchun yosh bola boy bo‘lsa, uning molidan qurbonlik qilish vojib bo‘laveradi. Bu yerda mol-mulkning egasi – bola yoshligi, voyaga yetmaganligi sabab shariat unga emas, balki uning otasi yoxud otasining o‘rnini bosuvchi kishining zimmasiga bolaning molidan qurbonlik qilishni talab etadi. So‘yilgan qurbonlikdan bola iste’mol qilishi mumkin. Ortib qolganini bolaga foydali bo‘lgan kiyim kechak yoki zarur ashyolarga almashtiriladi.

Ushbu qarashni Imom Quduriy, Imom Burhoniddin Marg‘iloniy kabi katta faqihlarimiz aytishgan.

Ikkinchi fikr: Mazhabimizning boshqa ko‘pchilik ulamolari esa, bola boy bo‘lsa, uning molidan otasi yoki undan boshqa kishi qurbonlik qilishi vojib bo‘lmaydi, deyishgan. Mo‘’tabar manbalardan biri “Mavahibur rahmon”da shunday deyiladi:

لا تجب على طفله الفقير في ظاهر الرواية ولا عن الغني من ماله في أصح ما يفتى به

“Zohirur rivoyaga ko‘ra favto berilgan, eng to‘g‘ri gap shuki, kishining kambag‘al bo‘lsin, boy bo‘lsin voyaga yetmagan bolasining molidan qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi”. 

Ushbu fatvoni ko‘pchilik hanafiy fuqaholari qo‘llab-quvvatlashgan. Jumladan, Alloma Qozixon “Shunga fatvo berilgan” degan bo‘lsalar, Isbijobiy “Kuchli gap shudir”, deganlar. “Durrul-muxtor” va “Al-Kofiy” kitoblarining sohiblari “Suyaniladigan gap shudir”, deya ta’kidlaganlar.

Ushbu fatvoni qo‘llagan ulamolarimiz, qurbonlik qilish ibodat ekani, yosh bolaga shariat ibodatlarini bajarish majburiy emasligini ta’kidlashgan. Qolaversa, ushbu gap Imom Abu Hanifa rahimahullohdan ham naql qilinganini aytib o‘tishgan. “Durarul-hukkam” kitobining sohibi shunday deydilar:

وأصح ما يفتى به من التصحيحين عدم الوجوب

“Mazhabimizda to‘g‘ri deb baholangan ikki xil fatvodan eng to‘g‘rirog‘i, bolaning molidan qurbonlik vojib bo‘lmasligidir”. 

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, Alloma Ibn Obidin “Fatavoyi Xoniyya”dan naql qilib, agar ota o‘zining molidan hayvon sotib olib, bolaning nomidan qurbonlik qilsa, joiz bo‘lishi, balki, bunday qilish mustahab ekanini aytadilar.

Shundan kelib chiqib, voyaga yetmagan bolada nisob miqdoricha mablag‘ bo‘lsa, uning otasi yoki bobosi uning nomidan qurbonlik qilsa, afzal ishni qilgan bo‘ladi. Agar mabodo qurbonlik qilinmasa ham hech kimga gunoh bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar