BOMDOD NAMOZINING SUNNATI VA FARZI O‘RTASIDA GAPLASHISH JOIZMI?

ID: 627

04.04.2025

171

Savol:

Subh kirganda bomdod namozini sunnatini o‘qilsa keyin farzgacha hech qanday gap gapirish mumkin emasmi? Boshqalarni namozga uyg‘otsa bo‘ladimi? Iltimos kengroq tushuncha bersangiz.

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Bomdodning sunnatidan keyin zarurat tug‘ilsa, gapirish, o‘zgalarni namozga uyg‘otish joiz. Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bomdodning sunnatini o‘qiganlaridan so‘ng uyg‘oq bo‘lsam, men bilan gaplashar, uyg‘oq bo‘lmasam, toki namozga chaqirilguncha yonboshlab yotar edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Mazkur hadisning sharhida Alloma Ali Qori rahimahulloh shunday deydilar: “Ibnul Malak: “Bu hadisda bomdodning sunnati va farzi o‘rtasida gaplashish joiz ekaniga dalil bor. Chunki ahli ayoli bilan gaplashish sunnatdir”, deganlar. Ya’ni, kim: “Sunnat va farz namozlari o‘rtasida gaplashish namoz yoki uning savobini botil qiladi”, desa, uning so‘zi botildir. To‘g‘ri, shak-shubhasiz Payg‘ambarimiz alayhissalomning so‘zlari oxirat so‘zlaridandir. Endi dunyo gaplari, shubhasiz doimo xiloful avlo bo‘ladi, xususan ikki namoz o‘rtasida...” (“Mirqotul mafotih” kitobi).

Demak, sunnat va farz namozlari o‘rtasida oxiratga tegishli mavzularda gaplashish yoki kimnidir namozga chaqirish, o‘yg‘otishning gunohi yo‘q. Lekin gunoh bo‘lmaydigan dunyo gaplarini gaplashishdan saqlanish afzaldir. Gunoh bo‘ladigan narsalar haqida gaplashishi esa qachon bo‘lsa ham joiz emas. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar