BOMDOD NAMOZIDAN SO‘NG UXLASH JOIZMI?

ID: 788

04.04.2025

226

Savol:

Namoz vaqtlari uzayib boryapti. Biz savdodamiz, har kuni ish. Ko‘pincha toliqib bomdod namozidan keyin ozgina uxlab olaman. Shu ishim joizmi? Ba’zilar bomdod namozidan keyin uxlab bo‘lmaydi, deyishadi.

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Bomdod namozidan keyin uxlashni ba’zi salafi solihlar yoqtirishmagan. Chunki ushbu vaqt fazilatli va barakotli vaqt sanaladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar bomdod namozini o‘qisalar, namoz o‘qigan joylarida quyosh chiqquncha o‘tirar edilar. Rasuli akram alayhissalom sahar paytga baraka so‘rab duo qilganlar.

اللَّهُمَّ بَارِكْ لأُمَّتِي في بُكُورِهَا وَكَانَ إِذَا بَعَثَ سَرِيَّةً أَوْ جَيْشَاً بَعَثَهُمْ مِنْ أوَّلِ النَّهَارِ (رواه أَبُو داود والترمذي عن صخر بن وَداعَةَ الغامِدِيِّ رضي الله عنه)

ya’ni: “Ey, Alloh! ummatimning tonggiga baraka bergin”.U zot biror joyga askar jo‘natsalar, tongda jo‘natar edilar” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).

Boshqa rivoyatda shunday deyiladi:

كان الزبير ينهى بنيه عن التصبح ( وهو النّوم في الصّباح ) (رواه الإمام ابن أبي شيبة عن عروة بن زبير)

ya’ni: “Zubayr raziyallohu anhu farzandlarini tong paytida uxlashdan qaytarar edilar” (Imom Ibn Abu Shayba rivoyatlari).

Mazkur rivoyatlar sababli ba’zilar bomdoddan keyin uxlashni yoqtirmaganlar. Ammo kunduzi uxlab olish uchun vaqt bo‘lmasa yoki kunduzgi ishlarida charchab qoladigan bo‘lsa, bomdoddan keyin uxlashi joiz. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar