Hozirda bo'lib to'lashga avtomashinalar ko'payib ketdi. Bosh to'lov qilib mashina xarid qilmoqchi edim, lekin ba'zi bir mashinalar o'z tannarxidan ikki baravar ortiq to'lashga to'g'ri kelmoqda. Qaysi holatlarda riboga yo'l qo'ymagan bo'laman?
Bismillahir Rohmanir Rohim. Shariatimizda nasiya savdo uchun ustamaning ma'lum bir qat'iy chegarasi belgilanmagan. U gohida tannarxga teng miqdorda bo'lib ketishi ham mumkin. Nasiyadagi bu narx bozordagi talab-taklif asosida shakllanadigan, tomonlarning ixtiyorida bo'lgan narsadir. Fiqhda bunga cheklov qo'yilmagan.
Savdo shariatga muvofiq va ribodan xoli bo'lishi uchun mashinaning yakuniy narxi va to'lov muddatlari savdo majlisining o'zidayoq aniq kelishib olinishi hamda to'lov kechikkani uchun sotuvchi foydasiga jarima undirilishi shart qilinmasligi lozim.
Ribodan saqlanishdagi yana bir muhim jihat shuki, shunchaki pulni sotuvchiga to'lab berib, so'ngra xaridordan foizi bilan qaytarib oluvchi uchinchi tarafni savdoga aralashtirmaslik kerak.
Masalan, xaridor Ahmad sotuvchi Saiddan naqdga arzonroq turgan mashinani nasiyaga qimmatroqqa olishga rozi bo'lib, o'zaro savdo qilishsa, bu durust. Ammo o'rtaga uchinchi shaxs — Rustam qo'shilib, qarz sifatida mashina pulini Saidga to'lab bersa va keyin Ahmaddan o'sha pulni foiz-ustamasi bilan qaytarib olsa, bu ribo hisoblanadi. Vallohu a'lam.