1 yil oldin erim bilan urushib qoldik va u menga taloqsan, deb aytdi. O‘shanda 1 yoshli farzandim bor edi. Keyinchalik yarashib, nikoh o‘qitmasdan yashab ketdik. Yaqinda 2 farzandimiz dunyoga keladi. Biz nikoh o‘qitishimiz kerakmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Taloq ikki xil bo‘ladi: raj’iy va boin.
Raj’iy taloq - ochiq-oydin taloq so‘zini aytish orqali tushgan taloqdir. Bu taloq tushganda idda tugamasidan avval er xotinning roziligisiz qayta nikoh o‘qitmasdan yarashib olishi (nikohiga qaytarishi) mumkin. Idda tugasa, raj’iy taloq ham boin taloqqa aylanadi va faqat nikoh (guvohlar va mahr bilan) bilan qaytarib olish joiz bo‘ladi.
Boin taloq esa taloq qilishni qasd qilib, javobingni berdim, ota-onangnikiga ket, sen bilan yashamayman va boshing ochiq kabi so‘zlar va boshqa taloqqa ochiq-oydin dalolat qilmaydigan gaplar aytilganda tushadi. Bunday taloq boin taloq bo‘lib, faqat yangi nikoh (guvohlar va mahr bilan) bilan xotinini qaytib olishi mumkin. Taloqdan keyin qayta nikohlab olish taloqlar soni uchtaga yetmagan bo‘lsa, joiz. Lekin taloqlar soni uchtaga yetsa, xotinini nikoh bilan ham qaytarib ola olmaydi. Chunki taloqlar soni uchtada nihoyasiga yetadi.
Savoldagi taloq birinchi turidan bo‘lgani uchun er-xotin yarashgan vaqtida idda (3 hayz ko‘rib tugashi) o‘tib ketmagan bo‘lsa, nikohlari to‘g‘ri. Agar idda o‘tgandan keyin yarashgan bo‘lsalar, u holda tezlik bilan tavba qilib, o‘rtadagi nikohni yangilash shart.
Bu o‘rinda savolga ko‘ra javob bo‘ldi, lekin har bir taloq masalasi jonli majlisda er-xotin ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Shuning uchun taloq masalasida savoli bo‘lgan oilalar imom domlalar huzuriga borib, holatni bayon qilib savollariga javob olishlari kerak. Aks holda ko‘p muammolar kelib chiqadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.