Makka va Madina haram masjidlarida namoz o‘qilganda yuz ming va ming barobar savob berilishi e’tibori bilan yuz mingta qazo namozi o‘rniga Masjidul haramda bitta namoz o‘qish kifoya qiladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Har bir qazo qilingan namozni xuddi o‘zidek qilib o‘qilmaguncha bandaning zimmasida qoladi. Buning ustiga namozni vaqtidan kechiktirgani uchun tavba ham qiladi.
Albatta, boshqa joylarga nisbatan Masjidul haramda o‘qilgan namozlar 100 000 (yuz ming) va Masjidun nabaviyda o‘qilganlari 1000 (ming) namozning savobiga teng bo‘ladi. Bu degani 100 000 (yuz ming)ta yoki 1000 (ming)ta qazo namozning o‘rniga bitta namoz kifoya qiladi degani emas. Balki bitta namoz bitta namoz o‘rniga o‘tadi, lekin savobi minglab marta ko‘p bo‘ladi.
Bu mavzuda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
صلاة في مسجدي هذا خير من ألف صلاة فيما سواه إلا المسجد الحرام (متفق عليه عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya’ni: “Mana bu masjidimda o‘qilgan namoz boshqa joylarda o‘qilgan mingta namozdan yaxshiroqdir. Faqat Masjidul haramda unday emas” (Muttafaqun alayh).
Bu hadisni Alloma Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh shunday sharhlaganlar:
(خير) أي من جهة الثواب لا من جهة الإجزاء فالتضعيف يرجع إلى الثواب ولا يتعدى إلى الإجزاء بإتفاق العلماء كما نقله النووي وغيره ، فلو كان عليه صلاتان فصلى في أحد المسجدين صلاة لم تجزه إلا عن واحدة
ya’ni: “Masjidun nabaviyda o‘qilgan bitta namoz boshqa joylarda o‘qilgan 1000 (ming)ta namozdan savob jihatidan yaxshiroqdir, o‘rniga o‘tish jihatidan emas. Ulamolarning ittifoqi bilan 1000 (ming) barobar ustun bo‘lish, o‘rniga o‘tishga emas, balki savobga tegishli bo‘ladi. Buni Imom Navaviy va boshq ulamolar ham naql qilishgan. Agar bir kishining zimmasida ikkita o‘qilmagan namoz bo‘lsa va ikki haramdan birida bitta namoz o‘qisa, faqat bittasining o‘rnidan o‘tadi” (“Mirqotul mafatih” kitobi).
Boshqa hadisi sharifda shunday deyiladi:
الصلاة في المسجد الحرام بمائة ألف صلاة والصلاة في مسجدي بألف صلاة والصلاة في بيت المقدس بخمسمائة صلاة (رواه الامام الطبراني عن أبي الدرداء رضي الله عنه)
ya’ni: “Masjidul haramdagi namoz yuz ming namozga, Mening masjidimdagi namoz ming namozga, Baytul maqdisdagi namoz besh yuz namozga teng keladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Bu masjidlarning fazilat ma’lum va mashhur: Masjidul haram eng birinchi ibodat uchun qurilgan masjid, Masjidun-nabaviy sevimli Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam qurdirgan va doim o‘sha yerda turgan masjidlari, Baytul maqdis ham qadimdan ko‘plab payg‘ambarlar namoz o‘qigan, Payg‘ambarimiz o‘sha yerdan me’rojga ko‘tarilgan masjiddir.
Demak, muborak masjidlarda o‘qilgan bitta qazo namozi bittaga o‘tsa ham, hech tushkunlikka tushmaslik kerak. Zero u muborak joylarda ajru savoblarning minglab marta ko‘paytirib berilishi haqida sahih xabarlar ko‘p. Alloh taoloning marhamati bilan yuqorida zikr qilingan uchta muborak masjidlarga haj, umra yoki ziyoratga borgan mo‘min-musulmonlar u masjidlarda turli ibodatlarni ko‘paytirishga harakat qilishi kerak. Albatta, Alloh va Rasuli rost so‘zlaydi, va’dasiga xilof qilmaydi, ixlos bilan amal qilsak, va’da qilingan ulug‘ ajrlar shubhasiz beriladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.