BIR NECHA YIL AVVAL BELGILANGAN MAHR QANDAY BERILADI?

ID: 898

04.04.2025

41

Savol:

Men 2012 yil uylanganman mahr berolmaganman. Hozir mahrini bermoqchiman o‘sha 2012 yildagi hisobdan beriladimi yoki hozirgi yil hisobidanmi? Javob uchun oldindan rahmat.

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Nikoh paytida mahrga biror qimmatli narsa, masalan tilla uzuk yoki tilla sirg‘a belgilangan bo‘lsa, bugungi kunda narxi qanday bo‘lsa ham er o‘shani olib beradi.

Agar mahr so‘m yoki dollar kabi pul birliklarida belgilangan bo‘lsa, o‘sha pul birligida belgilangan summani berishi shart bo‘ladi. Pul ancha qadrsizlandi deydigan bo‘lsa, insof qilib biror narsa qo‘shib berishi ham mumkin.

Agar nikoh paytida umuman mahr belgilanmagan bo‘lsa, er mahri misl beradi. Ya’ni, nikoh bitimi tuzilgan paytda, kelinga ota tomonidan har jihatdan (yoshi, husni va hokazo) teng bo‘lgan ayol qarindoshlari qancha mahr olgan bo‘lsa, o‘shani beradi. Bu haqida “Al-Bahrur roiq” kitobida shunday deyiladi:

( وَإِنْ لَمْ يُسَمِّهِ أَوْ نَفَاهُ فَلَهَا مَهْرُ مِثْلِهَا ) أَيْ وَإِنْ لَمْ يُسَمِّ الْمَهْرَ فِي الْعَقْدِ أَوْ نَفَاهُ فَلَهَا مَهْرُ مِثْلِهَا إنْ وَطِئَ أَوْ مَاتَ عَنْهَا ، وَكَذَا إذَا مَاتَتْ هِي

ya’ni: “(Er mahrni miqdorini aytmasa yoki mahr yo‘q, desa, ayolga o‘ziga o‘xshashlarning mahri beriladi) ya’ni, nikoh paytida er mahrning miqdorini aytmasa, yoki mahrni yo‘qqa chiqarsa ham, ayolga mahri misl beriladi. Mahri mislga haqli bo‘lish jinsiy aloqa (yoki jinsiy aloqaga imkon bo‘lishi), yo erning vafot etishi yoki ayol vafot etishi bilan bo‘ladi”. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar