Bir ishni gunohligini bilib turib qilinsa, hukmi qanday bo‘ladi? Bu bilan kishi kofir bo‘lib qolmaydimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Inson ojiz yaratilgan. Ba’zan u o‘z istak va xohishlariga qarshi borishga majbur bo‘ladi. Aslida gunoh qilishni xohlamasada, yoxud qilayotgan ishining gunohligini bilsada, shahvat sababli undan o‘zini tiyishga ojiz qoladi. Natijada gunohni amalga oshiradi. Keyinchalik es-xushini yig‘ib olgandan so‘ng, afsus nadomat qiladi. Qilgan gunohiga tavba qiladi. Robbisidan istig‘for so‘raydi. Albatta bunday holatlarda Alloh taolo mazkur bandaning tavbasini qabul qilishi umid qilinadi. Ammo inson qilayotgan ishining botil va isyon ekanini ongli ravishda balaturib, mutakabbirlik bilan, gunohni mensimasdan, qasddan amalga oshirsa, mana buning oqibati og‘ir bo‘ladi. Alloh taolo mutakabbirlarning gunohini kechirmaydi.
Qur’on va sunnat dalillari inson bir ishning shar’an man etilganini bilmagan holda amalga oshirsa, uzrli sanalishiga dalolat qiladi. Alloh taolo marhamat qiladi:
وَلَيْسَ عَلَيْكُمْ جُنَاحٌ فِيمَا أَخْطَأْتُمْ بِهِ وَلَكِنْ مَا تَعَمَّدَتْ قُلُوبُكُمْ وَكَانَ اللَّهُ غَفُورًا رَحِيمًا (5)
“Qilgan xatolaringiz sababli sizlarga gunoh yo‘qdir, lekin ko‘ngillaringiz (bilan) qasd qilingan narsadagina (gunohkor bo‘lursiz)” (Ahzob surasi, 5 oyat).
Ibn Kasir rahimahulloh mazkur oyatning tafsirida: Ya’ni albatta gunoh, botil ishlarni qasdan qilganlar uchundir deganlar.
Mufassirlardan Mujohid rahimahulloh esa: “Lekin qalblaringiz qasd qilgan narsadagina” oyatini bir amalning botil va gunoh ekani bayon qilingandan so‘ng amalga oshirilgan ishlar gunohdir, deb tafsir qilganlar.
Payg‘ambarlardan boshqa har qanday insonning gunoh qilishi ehtimoli bor. Faqat Payg‘ambarlar gunohlardan ma’sumdirlar. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar alayhissalom aytadilar: “Barcha inson bolasi xatokordir. Xatokorlarning eng yaxshilari tavba qiluvchilaridir” (Termiziy rivoyati).
Izz Ibn Abdussalom rahimahulloh aytadilar: “Har bir musulmon bir ishni qilishdan oldin uning shar’iy hukmini o‘rganmog‘i lozim bo‘ladi. Agar uning shar’iy hukmini o‘rganmasdan bir gunoh ishga qo‘l ursa, uning ilmini bilmagani uchun gunohkor bo‘ladi. Undan tashqari agar o‘sha qilgan ishining botil ish ekani shari’atda zaruriy ya’ni oshkora, hamma bilishi mumkin va bilishi lozim ishlardan bo‘lsa, uni amalga oshirgani uchun alohida gunohkor bo‘ladi. Ammo o‘sha ishning shar’an botil ish ekani hamma bilishi zaruriy bo‘lgan ishlardan bo‘lmasa, (ya’ni bilish oson bo‘lmagan, murakkab ishlardan bo‘lsa) unda o‘sha ishni qilgani uchun gunohkor bo‘lmasada, uni ilmini o‘rganmagani uchun gunohkor bo‘ladi. Tavfiq Allohdan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.