Bir haftada Allohga yetishsa bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Allohga yetishish uchun ma’lum kun, hafta, yil bo‘lishi kerak degan qoida yo‘q. Alloh taolo xohlasa bir lahzada o‘ziga muqarrab banda qilishi mumkin. Ba’zilar bir necha yillarda yetishishi mumkin. Bu Alloh buyurganidek yashash, gunohlariga chin tavba qilish, ixlos ila U Zot sari yuzlanish bilan bo‘ladi.
Hazrat So‘fi Allohyor rahmatullohi alayh “Sabotul ojiziyn” nomli kitoblarida shunday deydilar:
Iroda qilsa ul Hayyu tovono, Qilur bir lahzada bilmasni dono.
Ya’ni, Hayy Zot (Alloh) agar xohlasa, bir lahzada hech narsani bilmaydigan insonni barcha narsani bilimdoniga aylantirib qo‘yadi. Valiy zotlar ichida qisqa muddatda Alloh taologa yaqin bandalar bo‘lganlari juda ham bisyordir. Bu haqida to‘liqroq ma’lumot olish uchun tasavvufga oid kitoblardan o‘qib bilishingiz mumkin.
Alloh taoloning roziligiga yetishishda muddat muhim emas. Balki, banda hidoyatda sobit qadam bo‘lishi, Alloh taolo buyurganlarini bajarishi va qaytarganlaridan so‘zsiz qaytishi hamda xotimasini xayrli qilishini Yaratgandan so‘rashi lozimdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.