Zino gunohi kabiralardan ekanligiga hech shubhamiz yo‘q, lekin xalqimiz ichida beva qolgan ayol bilan zino qilsang savob bo‘ladi, degan tushuncha bilan yurganlar ham bor. Bunday tushuncha noto‘g‘riligini qanday tushuntirish mumkin?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Beva ayol bilan zino qilsa bo‘laveradi, degan tushuncha hech qanday asosga ega emas. Aksincha, Odam alayhissalomdan boshlangan ilohiy shariatlarning birortasida zino halol bo‘lmagan. Zero Alloh taolo Qur’oni karimda: "Zinoga yaqinlashmangiz! Chunki u fahsh va yomon yo‘ldir!" — degan (Isro surasi 32-oyat).
Bir yigit Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, zino qilishga izn so‘radi. Odamlar unga jahl qilib, jerkiy boshlashdi. Payg‘ambarimiz alayhissalom unga yaqin kelishni buyurib: "Mana shunday ishni boshqa bir kishi onang bilan qilishini xohlaysanmi?" deb so‘radilar. Yigit: "Alloh meni sizga fido qilsin, hargiz!" deb javob berdi. Payg‘ambarimiz alayhissallom: "Boshqa insonlar ham onalari bilan bunday bo‘lishini xohlamaydilar. Unday bo‘lsa, qizing bilan shunday ish bo‘lishini xohlaysanmi?" deb so‘radilar. Yigit: "Qasamki, hargiz unday emas, yo Allohning Rasuli!" dedi. Payg‘ambarimiz alayhissallom: "Boshqa insonlar ham qizlari bilan bunday bo‘lishini xohlamaydilar. Unday bo‘lsa singling bilan shunday bo‘lishini xohlaysanmi? Ammang bilan-chi? Xolang bilan-chi?" deb so‘radilar. Yigit har safar: "Hargiz..., hargiz..., hargiz!" deb javob berar edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak qo‘llari bilan yigitni ushlab, duo qildilar: "Ey, Alloh! Uning gunohlarini kechir, qalbini pokla va farjini saqla!" Shundan so‘ng o‘sha yigitdan gunoh qilishga bo‘lgan istak yo‘qoldi (Imom Ahmad Abu Umoma raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar).
Begona erkak va ayolning jinsiy munosabatlari savob bo‘lishi uchun yagona yo‘l bor, u ham bo‘lsa, nikohdir. Hadisi shariflarda beva va yetimlarga yordam beruvchilar Alloh yo‘lida jang qilib yurganlarga tenglashtiriladi, lekin bu ular bilan zino qilish degani emas. Balki, imkoni bo‘lsa, nikohiga olib yordam berish, buni imkoni bo‘lmasa, ularga beg‘araz moddiy yordam berib turishdir.
Eng xatarli jihati shundaki, musulmon kishining Alloh harom degan narsani bilib-bilmay, hazil-huzul bilan halol deyishidir. Bu Alloh taoloning Shariatiga qarshi chiqish va kufrdir, Alloh barchamizni bunday g‘aflatdan saqlasin. Tavfiq Allohdan
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.