NAMOZ NAMOZGA NIYAT QILISHDAGI DUO

ID: 2526

12.09.2025

782

Savol:

Assalomu alaykum Namozda boshlanishida “Subḥānaka Allāhumma wa biḥamdika…” duosini o'qiymiz lekin shu duoni o'rniga boshqa duolarni ham o'qisa bo'ladimi? misol: Allāhu akbaru kabīran, wal-ḥamdu lillāhi kasīran… Yoki ushbu duoni o'qish farzmi?

Javob:

Hanafiy mazhabiga ko‘ra, namozni boshlashdagi takbiri tahrimadan so‘ng sano (Allohga hamdu sano aytish) sunnat amal hisoblanadi, farz emas. Mazhabda mashhur va ma’ruf bo‘lgan sano duosi “Subhanakallohumma va bihamdika…” dir. Biroq, ulamolarning so‘zlariga ko‘ra, bu sunnatni Allohga hamd aytishni ifodalovchi boshqa duolar bilan ham ado etish mumkin. Bu haqda Ibn Obidinning mashhur asari “Raddul muhtor”da shunday deyiladi:

Arabiy matn:

(وَيُثْنِي بَعْدَهَا) وَهُوَ «سُبْحَانَك اللَّهُمَّ وَبِحَمْدِك» (قَوْلُهُ: وَهُوَ سُبْحَانَك اللَّهُمَّ وَبِحَمْدِك) كَذَا فَسَّرَ بِهِ الثَّنَاءَ فِي شَرْحِ دُرَرِ الْبِحَارِ وَغَيْرِهِ، وَقَالَ فِي الْعِنَايَةِ: إنَّهُ مُرَادُ صَاحِبِ الْهِدَايَةِ لِأَنَّهُ الْمَعْهُودُ مِنْ الثَّنَاءِ، وَذَكَرَ فِي النَّهْرِ أَنَّ هَذَا رِوَايَةُ الْحَسَنِ عَنْ الْإِمَامِ. وَاَلَّذِي فِي الْمَبْسُوطِ عَنْ صَاحِبِ الرِّوَايَةِ أَنَّهُ يَحْمَدُ اللَّهَ. اهـ. أَقُولُ: مُقْتَضَى ظَاهِرِ الرِّوَايَةِ حُصُولُ السُّنَّةِ بِأَيِّ صِيغَةٍ مِنْ صِيَغِ الْحَمْدِ، فَيَشْمَلُ الثَّنَاءَ الْمَذْكُورَ لِاشْتِمَالِهِ عَلَى الْحَمْدِ

(Musannifning “va u Subhanakallohumma va bihamdikadir” degan so‘zi)ga kelsak, “Durarul bihor sharhi” va boshqa kitoblarda sano shunday tafsir qilingan. “Al-Inoya”da aytilishicha, “Hidoya” sohibining maqsadi ham shu, chunki sanodan odatda shu duo tushuniladi. “An-Nahr”da bu Hasanning Imom A’zamdan qilgan rivoyati ekani zikr qilingan. “Al-Mabsut”da esa rivoyat sohibidan “Allohga hamd aytadi” degan so‘z keltirilgan. Men aytamanki: zohiri rivoyaning taqozosi shuki, sunnat amali har qanday hamd so‘zlari bilan hosil bo‘ladi. Demak, zikr qilingan (mashhur) sano duosi ham uni o‘z ichiga oladi, chunki unda hamd mavjud.

Xulosa shuki, namozxon takbiri tahrimadan keyin “Subhanakallohumma...” duosini o‘qishi hanafiy mazhabida afzal ko‘rilgan sunnatdir. Lekin bu duoni o‘qish farz emas. Agar kishi bu duoni bilmasa yoki uning o‘rniga savolda zikr qilingan “Allohu akbaru kabiyron, val-hamdu lillahi kasiyron...” kabi Allohga hamd va ulug‘lashni ifodalaydigan boshqa bir duoni o‘qisa ham, sano aytish sunnatini ado etgan hisoblanadi. Chunki asosiy maqsad – namozni Allohga hamdu sano bilan boshlashdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar