BANKOMATLARDAGI BIR FOIZLI KOMISSIYA TO‘LOVI RIBO EMASMI?

ID: 899

04.04.2025

171

Savol:

Ko‘pchilik odamlar bankomatlar orqali plastiklaridagi pulni naqdlab olishayapti. Bunda plastik kartochkadagi 100.000 so‘m yechilsa, bankomat 100.000 so‘m naqd pul beradi. Lekin kartangizdan ushbu sammaning 1% ini ya’ni, 1000 so‘mni yechib oladi. Va xuddi shunday plastikdan plastikka pul o‘tkazganda ham shunday pul olib qoladi. Buni hukmi qanday bo‘ladi? Ribo emasmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Bankomatlardan pulni naqdlashtirishda umumiy summaning 1 foizi miqdorida komissiya to‘lovi belgilangan. Ushbu foiz bankomat orqali pulni naqdlashtirish jarayonida avtomatik tarzda yechib olinadi. Bu jarayonni bank sohasi mutaxassislari xizmat haqqi sifatida baholashadi. Chunki bankomat pulga sotib olinadi, uning amortizatsiyasi mavjud, unga mulk solig‘i to‘lanadi, bankomat o‘rnatilgan joyga ijara haqi to‘lanadi, yana bankomat elektr energiyasi va qog‘oz xarajati, ekspluatatsiya chiqimlarini talab etadi. Mana shu e’tibordan hozirgi kundagi bankomat orqali pulni naqdlashtirish jarayonida qiymatining bir foizini ushlab qolish xizmat haqqi sifatida joiz hisoblanadi.

Qolaversa, insonlar o‘zlarining ish haqlari va elektron pullarini naqdlashtirishlari uchun bankomatdan foydalanishga zarurat bor. Bu ham masalani shar’iy jihatdan yengillashtiradi. 

Shuni ham ta’kidlash lozimki, sog‘lom raqobat muhiti shakllanib borgani sari ba’zi banklar bu xizmat haqini kamaytirishi yoki vaqt o‘tishi bilan butunlay yo‘q bo‘lishi tabiiy. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar