Men diniy kitoblarni o‘qiyotganimda farz, vojib, sunnat, nafl, mustahab, makruh, degan so‘zlarga duch kelaman. Yana shunaqa so‘zlar bo‘lsa ularni ham qo‘shib tushuntirib bersangiz.
Bismillahir rohmanir rohiym.
Savolda zikr qilingan hukmlar (atamalar) asosan yettiga bo‘linadi: 1.Farz 2.Vojib 3.Sunnat 4.Nafl 5.Muboh. 6.Makruh 7.Harom Farz – qat’iy dalilar bilan sobit bo‘lgan amallardir (masalan, islomning besh arkoni kabi). Farz amallar ko‘payish va kamayishni qabul qilmaydi (masalan namozlarning rakaatlari kabi). Farzga amal qilish shart. Farzni inkor qilish kufr, uzrsiz tark qilish katta gunoh va fosiqlikdir. Eng katta savob farz amallarga beriladi.
Farz ikkiga bo‘linadi: farzi kifoya va farzi ayn. Farzi ayn – har bir kishi o‘zi qilishi lozim bo‘lgan farzlar, masalan, tahorat, namoz kabi. Farzi kifoya – jamoatdan bir necha kishi bajarsa boshqalardan soqit bo‘ladigan, agar hech kim qilmasa, hamma gunohkor bo‘ladigan farzlar, masalan, janoza namozi, Qur’onni to‘liq yod olish kabi.
Vojib – farz kabi bajarish qat’iy talab qilingan, lekin dalillar farznikidan kuchsizroq bo‘lgan amallar, masalan, fitr sadaqasi va qurbonlik kabi. Farzdagi kabi qat’iy bilimni ifodalamagani uchun vojibni amaliy farz ham deyiladi va uni inkor qilgan kishini kofirga chiqarilmaydi. Vojibni tark qilgan odam ham fosiq bo‘ladi.
Sunnat – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam va xulafoi roshidin (Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali raziyallohu anhum)larning tutgan yo‘llaridir. Uning hukmi – farz yoki vojib bo‘lmasada bandadan uni bajarish talab qilinadi.
Sunnat ikkiga bo‘linadi: sunnatul huda (hidoyat sunnati) va sunnatuz-zavoid (qo‘shimcha sunnatlar). “Sunnatul huda” – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ibodat ma’nosida, Alloh taoloning roziligi uchun doimiy qilgan amallari. Ularning ba’zilari boshqalariga qaraganda ko‘proq ta’kidlangan bo‘ladi, masalan, namozni jamoat bilan o‘qish, azon va iqomat takbirini aytish kabi. Bu sunnatlarning aksariyati islomning shiorlari bo‘lib, bajargan savobga erishadi, tark qilgan kishi oxiratda malomat va itobga qoladi. "Sunnatuz-zavoid" – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning kiyinish, o‘tirish, turish va taomlanish kabi odatlari (bu ishlar ibodat va qurbat sifatida qilinmagan). Ularga amal qilgan kishi savob oladi, tark qilgan kishi gunohkor bo‘lmaydi.
Nafl – qilsa savob, qilmasa gunoh bo‘lmagan amallardir. Masalan, nafl namozlar kabi. Nafl ibodatlar farz ibodatlardagi nuqsonlarni to‘ldiruvchi hisoblanadi. Ba’zi ulamolar "nafl" o‘rnida mustahab atamasini ham qo‘llashadi. Mustahab – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning gohida qilib, gohida tark qilgan va salafi solihlar xush ko‘rgan amallari. Uni “mandub”, “adab” yoki “fazilat” deb ham ataydilar. Ba’zi ulamolar uni sunnatul huda va sunnatuz-zavoiddan past darajada turadi desalar, boshqa ulamolar sunnatuz-zavoid mustahab ma’nosidagi amaldir, deganlar. Mustahab ham savobli amal bo‘lib, uni tark qilishni ulamolar aslo makruh deb bilmaydilar.
Muboh – qilinsa ham, qilinmasa ham durust bo‘laveradi. Undan kishi savob ham, gunoh ham topmaydi. Qilish-qilmaslik bandaning ixtiyoridadir. Masalan, halol taomlarni yeyish, halol ichimliklarni ichish, o‘tirish, turish, yurish va zararsiz so‘zlarni so‘zlash kabi.
Makruh – qat’iy bo‘lmagan dalillar bilan undan tiyilish talab qilingan amal. Makruh amal ikkiga: makruhi tahrimiy (haromga yaqin) va makruhi tanzihiy (halolga yaqin)ga bo‘linadi. Makruhi tahrimiy – vojibni tark qilishdan kelib chiqadi. Uni qilmaslik bilan savobga, qilish bilan esa gunohga ega bo‘linadi. Masalan, Hayit kunlari ro‘za tutish kabi. Makruhi tanzihiy – sunnatni tark qilishdan kelib chiqadi. Sunnat qanchalik takidlangan bo‘lsa, uni tark qilish shuncha haromga yaqin bo‘lib boradi. Ba’zi manbalarda “mustakrah” atamasi ham uchraydi, u odobni tark qilishdan kelib chiqadi va makruhdan pastroq darajada turadi.
Harom – tark qilish qat’iy talab qilingan amal. Haromni tark qilgan savob oladi, amalga oshirgan gunohkor bo‘ladi. Masalan, nohaq odam o‘ldirish, odamzotga va hayvonotga zulm qilish, g‘iybat qilish kabi ishlar.
Harom ikkiga bo‘linadi: qat’iy dalillar bilan sobit bo‘lgan harom, u farzning muqobilida turadi. Ya’ni, uni tark qilish farz darajasidagi amal. qat’iy bo‘lmagan dalillar bilan sobit bo‘lgan harom, uni makruhi tahrimiy ham deyiladi. U vojibning muqobilida bo‘ladi. Ya'ni uni tark qilish vojib darajasidagi amal (“Nurul anvor”, “Qamarul aqmar”, “Kuvayt fiqh entsiklopediyasi” va “Xoshiyatus Sunbuliy” kitoblari).
Muhimi, mazkur amallarni bajarish yoki tark qilishda ixlos, Alloh taoloning roziligi qasd qilinishi lozim. Shunda ular ibodat darajasiga ko‘tariladi, ixlos bo‘lmasa, ibodatlar ham odatlarga aylanib qoladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.