Yaqin kunlarda baliq pishirish oshxonalari ish boshlaydi. Juda ko‘p joyda baliqni boshiga urib o‘ldirib pishirishadi. To‘g‘risi buni ko‘rib ko‘ngil bir achishib ketadi. Ayniqsa oshxonadagi "plastik molotok" bilan boshiga urib o‘ldiradi. Shunday qilish mumkinmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Siz aytgandek, baliqni boshiga urib, uni jonsizlantirishga shariatimiz ruxsat bermaydi. Bunday o‘ldirish baliqqa ozor berish hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi va sallam bu borada shunday deganlar:
إنَّ اللَّهَ كَتَبَ الإحْسَانَ علَى كُلِّ شيءٍ، وإذَا ذَبَحْتُمْ فأحْسِنُوا الذَّبْحَ، وَلْيُحِدَّ أَحَدُكُمْ شَفْرَتَهُ، فَلْيُرِحْ ذَبِيحَتَهُ (رَوَاهُ الإمام مسلم شداد بن أوس رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)
“Albatta, Alloh har bir narsaga yaxshilikni yozgandir. Agar so‘ysangiz, so‘yishni yaxshilab ado eting! Har biringiz pichog‘ini o‘tkir qilsin va so‘yiladiganni rohatlantirsin!” (Imom Muslim rivoyati).
Shunday ekan, baliqni so‘yishda ham unga ozor bo‘lmaydigan yo‘lni tutish kerak. Ushbu yo‘l ulamolarimizning nazdida baliqni joni chiqqunicha uni suvdan tashqarida o‘z holicha qoldirish yoki o‘tkir pichoq bilan baliqni zabh qilish (boshini kesish)dir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.