Badanga spirt surtish mumkunmi? Spirt surtilgandan so‘ng o‘sha joyni yuvib tashlash kerakmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Spirt hozirgi kunda juda ko‘p narsalarda qo‘llanilmoqda. Dori darmonlarda, tashqi iste’molda ya’ni atir, siyoh va turli bo‘yoqlar hamda shokolad, muzqaymoq kabi yeguliklarda ham ishlatilyapti. Shulardan savolda so‘ralayotgan spirtni tashqi ishlatish ya’ni atir, siyoh va turli bo‘yoqlarda ishlatishning hukmiga kelsak, spirtning najosat yoki pokligiga qarab hukm farqlanadi.
Zamonamizning mashhur olimlaridan Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh “Takmilatu fathul mulhim” kitobida quyidagicha keltiradilar:
فانها ان اتخذت من العنب او اتمر فلا سبيل الي حلتها او طهارتها و ان اتخذت من غيرهما فاالامر فيها سهل علي مذهب ابي حنيفة رحمه الله تعالي و لا يحرم استعمالها للتداوي او لاغراض مباحة اخري ما لم تبلغ حد الاسكار... و ان معظم الكحول التي تستعمل اليوم في الادوية و العطور و غيرهما لا تتخذ من العنب او التمر انما تتخذ من الحبوب او القشور او البترول و غيره“
ya’ni: “Spirt agar uzum yoki xurmodan olinadigan bo‘lsa uni halolligi va pokligiga yo‘l yo‘q. Boshqa narsalardan olinsa, bu borada Imom Abu Hanifa rahimahullohning mazhablarida davolanish yoki boshqa maqsadlarda foydalanish joiz, modomiki mast qilish darajasiga yetmagan bo‘lsa...
Hozirda dori darmonlar, atirlarga qo‘shilayotgan spirt asosan bug‘doy, turli po‘stloqlar, neft va boshqa narsalardan olinadi”.
Yuqoridagi mulohazalarga binoan xurmo va uzumdan boshqa narsalardan olingan spirtdan foydalanish joiz. Agar spirt surtilgandan keyin, o‘sha joyni imkon qadar yuvib yuborilsa yanada yaxshi bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.