Qon chiqsa tahoratni sindiradi deb bilardik. Ba’zi kishilar qon chiqsa tahorat sinmaydi deyishmoqda. Shunga aniqlik kiritib bersangiz?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Hanafiy mazhabimizda oquvchi qon tahoratni sindiradi. Ya’ni, qon chiqib badanning tahorat yoki g‘uslda yuvish vojib bo‘lgan qismiga oqsa tahorat buziladi. Lekin jarohat katta bo‘lib chiqqan qon yoki yiring shu jarohat ichidan tashqariga chiqmasa, tahorat sinmaydi. Qon chiqib oqmasdan o‘rnida qotib qolsa tahorat buzilmaydi (“Muxtasarul viqoya” kitobi). Bunga Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallamdan naql qilgan quyidagi hadis dalil bo‘ladi:
مَنْ قَلَسَ أَوْ قَاءَ أَوْ رَعَفَ فَلْيَنْصَرِفْ فَلْيَتَوَضَّأْ وَلْيُتِمَّ صَلاَتَهُ.(رواه الامام الدارقطني عن ابْنِ جُرَيْجٍ عَنْ أَبِيهِ رضي الله عنهما)
ya’ni: “Kim namozda suv yoki taom qayt qilsa yoki burni qonasa, darhol namozdan chiqib tahorat qilsin va namozini oxiriga yetkazsin" (Imom Doraqutniy rivoyatlari). Bu hadisi sharif badandan qon chiqsa, tahorat buzilishiga dalolat qiladi. Bundan tashqari Tamim ad-Doriy raziyallohu anhu Rasululloh sallalohu alayhi vasallamdan naql qilgan quydagi hadis ham yuqoridagi masalani qo‘llab-quvvatlaydi:
الْوُضُوءُ مِنْ كُلِّ دَمٍ سَائِلٍ (رواه الامام الدارقطني عَنْ تَمِيمٍ الدَّارِيِّ رضي الله عنهما)
ya’ni: “Har bir oquvchi qondan tahorat qilinadi ” (Imom Doraqutniy rivoyatlari). Bundan tashqari oldi va orqa najosat yo‘lidan boshqa joydan chiqqan qon yoki yiring ham tahoratni buzishi haqida katta sahobalar, jumladan jannat bashorati berilgan va faqih sahobalar; Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Ali ibn Abi Tolib, Zubayr ibn Avvom, Talha ibn Ubaydulloh, Sa’d ibn Abu Vaqqos, Abu Ubayda ibn al-Jarroh, Abdurrohman ibn Avf hamda Sa’id ibn Zayd, Abdulloh ibn Mas’ud, Abdulloh ibn Amr, Zayd ibn Sobit, Abu Muso al-Ashariy va Abud Dardo raziyallohu anhum fatvo berishgan va bu masalada yakdil bo‘lganlar. "Qon chiqsa tahorat buzilmaydi", — degan kishilar Imom SHofeiy rahmatullohi alayhning mazhabidagi gapni aytishgan. Har bir mazhabning o‘z dalili bor. Har mazhabdan eng yengil hukmlarni olish havoi-nafsga ergashish hisoblanib, ulamolarimiz uni "talfiq" deydilar. "Talfiq"ning hukmi esa haromdir. Darhaqiqat, har kim o‘z mazhabiga amal qilishi to‘g‘ri yo‘ldir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.