XIZMATINING KO‘P VAQTI SAFARDA YURISHDAN IBORAT BO‘LGANLARNING NAMOZ O‘QISH TARTIBI

ID: 35

04.04.2025

31

Savol:

Men Yevropaning hamma davlatlarida u davlatdan bu davlatga qatnab ishlayman. Har kun 500, 600 km yo‘l yuraman. Ba’zan ikki oyda, gohida to‘rt oyda Litvaga, ya’ni garaj (avtokorxona)ga qaytib, 3 kundan 20 kungacha qolib ketaman. Shundan keyin garajdan boshqa mashina olib chiqib ketaman. Ibodatimni qay holda o‘qiyman, musofirmi yoki to‘liqmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Agar Siz Litvaga ish sababidan ko‘chib ketib, qachonlardir o‘z vataningizga qaytishni yoki Litvadan ko‘chib ketishni maqsad qilgan bo‘lsangiz, Litva davlati siz uchun vatani iqoma hisoblanadi.

Shundan kelib chiqilsa, siz davlatlar aro yuk tashib yurganda musofir bo‘lasiz va namozlaringizni qasr qilib o‘qiysiz. Chunki siz bir joyda 15 va undan ko‘p muddat turmas ekansiz. Ammo bu holat garajinigiz joylashgan Litvada necha kun turishingizga qarab o‘zgaradi. Agar siz Litvaga 15 va undan ko‘p kun turish niyatida kelsangiz, u joydan chiqib ketguncha namozlarni to‘liq o‘qiysiz. Agar 15 kundan kam muddatga kelsangiz, qasr qilasiz. Agar necha kun qolishingiz aniq bo‘lmasa, ya’ni istalgan vaqtda chiqib ketishingiz ehtimoli bo‘lsa, qasr o‘qiysiz. Chunki kishi bir joyda muqim bo‘lishi uchun o‘sha yerda 15 va undan ko‘p muddat turishni niyat qilmagunicha musofir bo‘ladi. Bu haqda Burhoniddin Marg‘iloniy rahimahulloh shunday deganlar: 

ولا يزال على حكم السفر حتى ينوي الإقامة في بلدة أو قرية خمسة عشر يوما أو أكثر وإن نوى أقل من ذلك قصر

“Kishi biror shahar yoki qishloqda o‘n besh yoki undan ko‘p kun turishni niyat qilmagunicha (shu shahar yoki qishloqda) musofir bo‘lib turaveradi. Agar undan kam muddatni niyat qilsa, namozlarini qasr qilib o‘qiydi”. (“Hidoya” kitobi). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar