Inson ichki kasallikdan masalan saraton (rak) yoki shunga o‘xshash kasallikdan vafot etsa shahid hisoblanadimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ha, hadisi sharifda ichki kasallliklar bilan vafot etgan mo‘min-musulmonlarga shahidlik darajasi va’da qilingan.
Payg‘ambarimiz alayhissalom bunday deb marhamat qildilar:
الشهادة سبع سوى القتل في سبيل الله : المطعون شهيد والغريق شهيد وصاحب ذات الجنب شهيد والمبطون شهيد وصاحب الحريق شهيد والذي يموت تحت الهدم شهيد والمرأة تموت بجمع شهيد (رواه مالك وأبو داود والنسائي عن جابر بن عتيك)
ya’ni: “Allohning yo‘lida o‘lishdan tashqari shahidlik yetti xildir: vabodan o‘lgan shahid, cho‘kib o‘lgan shahid, zotiljamdan o‘lgan shahid, qorin og‘rig‘i (ichki kasalliklar)dan o‘lgan shahid, kuyib o‘lgan shahid, biror narsa ostida qolib o‘lgan shahid, homilasi (tug‘ruq) sabab o‘lgan shahiddir” (Imom Molik, Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyatlari).
Ya’ni, haqiqiy shahidlik Alloh yo‘lida dushman bilan jangda o‘ldirilish bo‘lsa (uni kiyimi bilan yuvmasdan janoza o‘qib, ko‘miladi), Payg‘ambarimiz alayhissalom yuqorida sanagan yetti toifa insonlar hukmiy shahidlik darajasiga erishadilar (ularni yuvib, kafanlab, janoza o‘qib dafn qilinadi). Ular o‘limi oldidan qattiq og‘riq va alamni his qilganlari sababli ularga shu daraja beriladi.
Hadislarni sharh qilgan zotlardan biri Imom Navaviy rahimahulloh qorin og‘rig‘idan vafot etgan kishi kim degan savolga qornida kasallik bo‘lgan kishi, deb javob berganlar. Ba’zilar qornida shish bo‘lgan, ba’zilar mutlaqo ichki kasalliklardan vafot etgan kishilar, deb javob berganlar. Mana shu oxirgi javobga Imom Qurtubiy ham jazm qilganlar.
Demak, qorin sohasidagi saraton kasali bilan vafot etganlarga ham shahidlik darajasini umid qilinadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.