Uyimizda turli taqvimlar, islom diniga oid so‘zlar yozilgan gazetalar bor. Shularni tashlab yuborsam gunohkor bo‘lmaymanmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ulamolarimiz o‘qishga yaroqsiz holga kelgan oyat va hadis yozilgan kitob, gazeta va jurnallarni pokiza matoga o‘rab ko‘miladi yoki uni ehtiromini saqlagan holda yoqib yuboriladi. Albatta bundan maqsad, Alloh taoloning ulug‘ kalomi yoki Rasuli akram alayhissalomning muborak hadislari yozilgan narsa oyoq ostida qolib ketishni oldini olishdir.
Qur’on oyatlari yoki Alloh taoloning va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak ismlari yozilgan qog‘ozlarni ko‘mishda ham o‘sha kitob yoki varaqlarning yuziga tuproq tortilmasdan xuddi vafot etgan insonni dafn qilingani kabi chuqur qazib, so‘ng yon tarafidan g‘ovak kovlab o‘sha yerga xuddi tokchaga qo‘ygandek ko‘milishi kerak, deydilar ulamolarimiz. Alloma Haskafiy rahimahulloh aytadilar:
الْكُتُبُ الَّتِي لَا يُنْتَفَعُ بِهَا يُمْحَى عَنْهَا اسْمُ اللَّهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَرُسُلِهِ وَيُحْرَقُ الْبَاقِي وَلَا بَأْسَ بِأَنْ تُلْقَى فِي مَاءٍ جَارٍ كَمَا هِيَ أَوْ تُدْفَنَ وَهُوَ أَحْسَنُ كَمَا فِي الْأَنْبِيَاءِ
“Foydalanib bo‘lmaydigan kitoblardan Alloh taoloning farishtalar va Payg‘ambarlarning ismi o‘chiriladi va yoqib yuboriladi. O‘chirmasdan turib ham oqar suvga oqizib yuborishning zarari yo‘q. Ko‘mish ham mumkin. Ko‘mish eng afzal yo‘ldir. Zero, Anbiyolar ham dafn etilganlar” (“Durrul muxtor” kitobi).
Alloma Ibn Obidin rahimahulloh Haskafiyning mazkur gaplariga quyidagilarni qo‘shimcha qilganlar:
وَكَذَا جَمِيعُ الْكُتُبِ إذَا بَلِيَتْ وَخَرَجَتْ عَنْ الِانْتِفَاعِ بِهَا يَعْنِي أَنَّ الدَّفْنَ لَيْسَ فِيهِ إخْلَالٌ بِالتَّعْظِيمِ ، لِأَنَّ أَفْضَلَ النَّاسِ يُدْفَنُونَ
“Shuningdek, eskirib, chirib, yaroqsiz holga kelib qolgan barcha kitoblarni ko‘mish afzal sanaladi. Bunda kitobni ehtirom qilishga zid holat yo‘q. Chunki insonlarning eng afzallari ham yerga dafn qilingan” (Raddul muhtor). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.